insurez
06-12-2024 14:48

Viloyat rahbari Adiz Boboyev Bulung‘ur tumanida bo‘ldi


Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Bulung‘ur tumanida bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi vazifalar ijrosi bilan tanishdi.

 

Xususan, viloyat rahbari dastlab tumandagi "SAMARKAND GARDEN PLAST" MChJ shaklidagi qo‘shma korxona faoliyati bilan tanishdi. Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda tashkil qilingan mazkur korxona yiliga 22 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va 15 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, Rossiya, Fransiya, Polsha, Koreya, Xitoy, BAA kabi xorijiy davlatlarga eksport faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Viloyat rahbari tadbirkor bilan suhbatda uning istiqboldagi rejalari, muammo va takliflari bilan qiziqdi. Tadbirkor tomonidan bildirilgan murojaat ro‘yxatga olinib, ijrosi yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

A.Boboyev, shuningdek, tumanning Olmazor mahallasida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida bo‘lib, mahalla uchun qurilgan 3 qavatli yangi binoda tashkil etilgan tikuvchilik faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan suhbatda aholining muammolari bilan qiziqdi. Quruvchilar bilan muloqotda muddat va sifat masalasiga alohida e’tibor qaratish, mahalla “yettiligi” bilan suhbatda esa aholining turmush darajasini yaxshilash borasida zaruriy tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot uchun, massivda 7 mlrd.so‘mga 3 qavatli mahalla binosi qurilgan bo‘lib, binoning yerto‘la qismida ayollar va erkaklar fitnes klubi, birinchi qavatda mahalla binosi, ikkinchi qavatida tikuvchilik korxonasi va o‘quv markazi hamda uchinchi qavatda “IT markazi” joylashishi ko‘zda tutilgan.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi taqdimot bilan tanishdi. Sektor rahbarlari, tumandagi korxona va tashkilot mas’ullari bilan sohalar kesimida amalga oshirilayotgan ishlar, belgilangan vazifalar ijrosi hamda istiqboldagi vazifalar yuzasidan suhbatda bo‘ldi. Bunda islohotlar avvalo inson manfaatlariga xizmat qilishi, ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun esa, o‘zaro birdamlik va hallollik zarurligi ta’kidlandi.

Muhokama so‘ngida har bir soha yuzasidan mas’ullar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.

Teglar
- -