insurez
16-03-2024 10:48


Bulung‘ur tumani hokimi Astonov Samandar Mustafokulovichning Navro‘z umumxalq bayrami uchun tabrik so‘zi

 

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Hurmatli bulung‘urliklar hamda tumanimiz mehmonlari!

Avvalo, Siz azizlarni, sizlar orqali barcha yurtdoshlarimizni xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri – Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman!

 

Qadrli yurtdoshlar!

Sir emaski, barchamiz ham bahor faslini, qolaversa, yangilanish fasli – Navro‘z bayramini hamisha entikib kutamiz. Ayniqsa, ortda qolgan qish faslining sovug‘i odatdagidan ko‘ra qattiqroq kelganligi ham ko‘ngillarda bahor faslining iliqlig‘i, go‘zalligiga nisbatan sog‘inch hissini yanada oshirganligi ham bor gap.

El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida e’zozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e’tirof etilgan Navro‘zning ma’naviy hayotimizdagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uyg‘un tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida, joriy yilgi Navro‘z umumxalq bayramini tumanimizda ham Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim! degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida nishonlamoqdamiz.

Yaratganga shukrki, yurtimiz tinch va osuda. Tinch elga esa bayramlar yarashadi, obodlik, bunyodkorliklar bo‘ladi. O‘ylaymanki, ushbu tinchlik, do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda Navro‘z bayrami muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Hurmatli bulung‘urliklar!

Xabaringiz bor, joriy yil - “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Mamlakatimizda boshlagan ulkan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar “inson manfaati uchun”, degan ezgu tamoyil asosida olib borilayotganligini barchamiz ko‘rib turibmiz. Xususan, xalqimiz, el-yurt manfaati yo‘lidagi taklif va tashabbuslarimiz qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Misol uchun oladigan bo‘lsak, davlatimiz rahbarining 2023-yil 24 avgustidagi Samarqand viloyatiga tashrifi davomida tumanimiz aholisining manfaati yo‘lidagi bar qancha takliflarni bildirgan edik. Ularning ma’qullanishi uzoq yillardan buyon aholini qiynab kelgan masalalarning ijobiy hal etilishiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Jumladan, tuman markazidan o‘tgan temir yo‘l kesishmasida tonnel qurilishi borasidagi xabarlarni xalqimiz ham xursandchilik bilan qabul qildi. Hozirda qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga Xo‘jamazgil mahallasidagi qariyb 25 yil davomida samarasiz foydalanilgan 2 ming gektar la’lmi yer maydonini sug‘oriladigan yer maydoni toifasiga o‘zgartirish taklif qilingan edi. Mazkur taklifimiz ham ma’qullanib, hozirga qadar 2 km. masofaga quvur yotqizish ishlari olib borildi, 2 ta hovuz (ovan kamera)da betonlash ishlari olib borildi, nasos stansiyasi qurish ishlari davom etmoqda.

Loyiha may oyida ishga tushrilishi, natijada 150 ta yangi tadbirkorlar, 1500 tadan 2500 tagacha doimiy ish o‘rinlari yaratilib, Xo‘jamazgil mahallasi va unga tutash bo‘lgan mahallalardagi ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlashga erishiladi. Ushbu yer maydonlarda kartoshka (30 ming tonna), takroriy ekinga dukakli mahsulotlari yetishtiriladi (3 ming tonna), uzum va boshqa mahsulotlar ekilib, jami 35 ming tonna mahsulot  yetishtirilishi hisob-kitob qilingan.

Bugungi kunda tumanda 8 ta meva-sabzavotni kayta ishlash korxonalari mavjud bo‘lib, ularning kayta ishlash kuvvati 120 ming tonnani takshil etadi. Demak, yuqorida tilga olingan maydonlarda yetishtirilgan mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorga chiqarmasdan, qayta ishlash va ekportga yo‘naltirish imkoniyatlarimiz ham bor. Bu esa, o‘z navbatida tumanimizning eksport salohiyatiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Umuman, bugun aholining farovonligi yo‘lida bildirilayotgan hech bir taklifimiz e’tibordan chetda qoldirilayotgani yo‘q, barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Biz esa ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz zurur.

 

Hurmatli yurtdoshlar!

Darhaqiqat, bugungi kunda oldmizda turgan dolzarb vazifalarimizdan biri aholining bandligini ta’minlash, ularga munosib daromad manbalari yaratish, bu borada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishdir. Tumanimizda buning uchun yetarlicha imkoniyatlarimiz bor.

Davlatimiz rahbari ko‘p bora aholiga mablag‘ (pul) berish emas, balki qanday qilib bor imkoniyatdan foydalangan holda daromad topishni o‘rgatish lozimligini aytib o‘tadilar. Ya’ni, sodda qilib aytganda baliq emas, qarmoq berishimiz va undan samarali foydalanishni o‘rgatishimiz zarur. Bunda biz, albatta, qishloq xo‘jaligida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilmoqdamiz. Sababi, o‘zingiz bilasiz, Bulung‘ur tumanida qishloq xo‘jaligida imkoniyatlari katta. Unumdor yerlarimiz ko‘p. Xususan, hozirda aholi ixtiyorida 3900 gektar tomorqa yer maydonlari  mavjud bo‘lib, ushbu yer maydonlaridan yetarlicha samarali foydalanyapmiz, deb ayta olmaymiz. Bugungi kunda yerlardan yiliga 2-3 martadan hosil olish imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz. Hozirda yiliga 125 ming tonna mahsulotlar yetishtirilayotgan bo‘lsa, kelgusida aholi tomorqa maydonlarida ertaki, takroriy va to‘qsonbosti usullarni keng joriy etish natijasida qo‘shimcha 60 ming tonna hosil olish orqali aholining daromadini oshirish imkoniyati mavjud.

Quvonarlisi shundaki, joylarda yurib, aholining tomorqadan foydalanish borasidagi madaniyati, dunyoqarashi ham o‘zgarib borayotganligining guvohi bo‘lyapmiz. Xususan to‘qsonbosti usulida ekin qilish, issiqxonalar yordamida yerdan yil 12 oy samarali foydalanish borasidagi tajribalarni ko‘ryapmiz. Misol uchun, Yangiariq mahallasi fuqarosi Rasulov Rustam tomorqasiga sarimsoqpiyoz (chestnok) ekib, uning orasiga ismaloq ham ekkan. Hovlisining bir chetida issiqxona ham tashkil qilib, unda qulupnay yetishtirmoqda. Ya’ni, ushbu xonadon egalari yerdan unumli foydalanib, yil 12 oy daromad olish chorasini ko‘rishmoqda. Yoki ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘pchilik ko‘rishdi, tumanning Sarqipchoq mahallasida Xolmamatov Erkin o‘z xonadonida issiqxona tashkil qilib, banan yetishtirib sotmoqda. Yangiobod mahallasida Ergash Otaqulov xonadonida qo‘ziqorin yetishtirib, daromad qilmoqda. Yoki bugun tumanimizda brokkeli, lukpari kabi ham sog‘liqqa, ham cho‘ntakka foydali bo‘lgan ekin turlari yetishtirilib, yerdan mo‘l hosil olish choralari ko‘rilmoqda. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Qadimdan ota-bobolarimiz Yer ichida oltin bor, Qaziy bersang, topasan”, deb bekorga aytishmagan.

Ta’kidlash kerakki, yuoqridagi rejalarimiz balandparvoz gaplar, uddalab bo‘lmas marralar emas. Ota-bobolarimiz qilib kelgan ishni davom ettirish, yerning har qarichidan unumlif oydalanish, o‘ylaymanki, yurtdoshlarimiz uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Mazkur rejalarni to‘laqonli bajarish uchun sizlar bilan hamjihatlikda bor imkoniyatlarimiz va salohiyatimizni ishga solamiz.

 

       Qadrli bulung‘urliklar!

Bugun joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar davomida bildirilayogan murojaatlarning aksariyatini kommunal soha bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Shunday ekan, fursatdan foydalanib, bu boradagi amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalarimzga ham to‘xtalib o‘tsam.

2023 yilda tumandagi “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi jarayonida 12 ta 5 qavatli 20 va 25 honodonli jami 257 ta honadondan iborat uy-joylar foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda yana 32 ta 5 qavatli 20 va 25 honodonli jami 651 ta honodonli uy-joylarning qurilish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, massivida 9 mlrd. 945 mln. so‘mga 7 000 megavattlik qozonxona qurilib, 3 ming 380 metr issiqlik tarmoqlari tortildi va ishga tushirildi. Hududda qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar uchun 5 000 kublik tozalash inshooti qurilishi boshlangan bo‘lib, bugunga qadar 19.4 km. oqova suv tarmoqlari tortildi.

Bundan tashqari, ko‘p yillardan buyon tuman markazida istiqomat qilayotgan aholini qiynab kelayotgan masalalardan biri o‘z yechimini topish arafasida. Ya’ni Bulung‘ur shaxri axolisi va ijtimoiy soha ob’ektlarini oqova suv tarmog‘i bilan to‘liq qamrab olish maqsadida 13 km. 940 metr oqova suv tarmoqlari qurilishi boshlanish arafasida turibdi.

Shuningdek, tugallangan yil davomida:

-6 mlrd. 900 mln. so‘mga 2 ta ko‘prik rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

-3 mlrd. 840 mln. so‘mga 11 ta maktablarga qo‘shimcha bino qurilib, foydalanishga topshirildi.

-7 mlrd. 350 mln. so‘mga 2 ta (25-30) DMTT rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

-2 mlrd 200 mln. so‘mga 1 ta bolalar-o‘smirlar sport maktabi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

-2 mlrd 400 mln. so‘mga Bot-bot kanali rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida jami 5 mlrd. 900 mln. so‘mga 6 dona yangi suv inshooti qurilib, 22,2 km. ichimlik suv tarmog‘i tortildi. Shuningdek, homiylik va hashar yo‘li bilan jami 14.2 km. ichimlik suv tarmog‘i tortilib, foydalanishga topshirildi. Natijada markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70,7% dan 73,8% ga yetkazildi.

Ichki yo‘llarni ta’mirlash maqsadida, jami 76,1 km. ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi, 91,9 km. ichki tuproq ko‘chalari shag‘allashtirildi.

Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida, 16 ta yangi transformator o‘rnatildi, 683 ta temir beton ustunlarga almashtirildi,
19 km. tarmoq yangilandi, 173 ta transformator hamda 341 km. tarmoq joriy va mukammal ta’mirlandi.  Bundan tashqari tumandagi “Ibn Sino” PSdagi 4 000 kVali transformatorga qo‘shimcha tarzda 6 300 kVa quvatli transformator o‘rnatildi hamda “Bulung‘ur” PSdagi 6 300 kVa quvvatli transformator 10 000 kVa quvvatdagi transformatorga almashtirildi.

Lekin, albatta amalga oshirilgan ushbu ishlar tizimdagi muammolarni to‘liq hal etishga yetarli emas. Bunga fevral oyida kuzatilgan sovuq iqlim sharoitida yana bir bor amin bo‘ldik. Xususan, joriy yilning 28 fevral kuni davlatimiz rahbari huzurida qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan kengaytirilgangan tartibda o‘tkazilgan yig‘ilishda ham tarmoq rahbarlari oldiga bir qancha vazifalar belgilab berildi. Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud imkoniyatlar barcha hududlarda ham to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada 2024 yil uchun dastlabki rejalar ham yetarli emasligi qayd etildi. Mutasaddilar o‘tgan yildan saboq chiqarib, bu yo‘nalishda ikki karra ko‘p ishlashi va aniq natija ko‘rsatishi kerakligi, joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o‘tilishini ta’kidladi. Aholi va tadbirkorlarning “yashil” energiyadan foydalanish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarning bajarilishi bilan nafaqat respublikamiz, balki tumanimizda ham elektr energiyasi ta’minotining sifat jihatidan yaxshilanishiga erishiladi. Bu borada tuman sektor hamda tarmoq rahbarlari ham o‘z oldimizga muhim vazifalarni belgilab olganmiz.

2024-yilda Dasturlar doirasida elektr va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, yo‘llarni asfaltlash va shag‘alashtirish borasidagi ishlar hajmi tasdiqlangan. Shunday bo‘lsada, yuqorida tilga olingan yig‘ilishdan keyin, ushbu rejalar ham qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, joriy yilda:

-10 mlrd. 140 mln. so‘mga 22, 12, 59 va 69-sonli maktablarga qo‘shimcha bino qurilish ishlari olib boriladi.

 - 1-sonli MTTni 7 mlrd. 083 mln. so‘mga rekonstruksiya qilinadi va Erganakli mahallasida 4 mlrd. 140 mln. so‘mga yangi 90 o‘rinli DMTT quriladi.

- 2 mlrd 200 mln so‘mga xalqaro ahamiyatga ega M-39 avtomobil yo‘lining 1046 km. qismida sel suvlari kelishining oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

 “Yashil makon” umummilliy loyihasida 2024 yil bahor mavsumida 693,3 ming dona, kuz mavsumida 414,2 ming dona hudud iqlimiga mos manzarali va mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. Tumanda 3,5 gektar yer maydonda “Yashil bog‘lar” tashkil etiladi. Ko‘kalamzorlashtirish hududlarida 4 ta sug‘orish quduqlari, 2,5 km.dan ziyod sug‘orish tarmoqlari va 3,38 km. tomchilatib sug‘orish tarmoqlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

 

Hurmatli bugungi bayram tadbiri ishtirokchilari!

Haqiqatan ham, Navro‘z o‘zining buyuk qudrati bilan tabiatni uyg‘otmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlar ayni shu ulug‘ maqsadga — har kunimiz Navro‘z bo‘lishiga, ya’ni, el-yurtimiz hayotining obod va farovon bo‘lishiga qaratilgan.

Hammamiz uchun suyukli va ardoqli Navro‘z bayrami bilan barchangizni yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!

Navro‘z har bir xonadonga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelishiga tilakdoshman.

Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin! Ona Vatanimiz farovon bo‘lib, Jonajon yurtimiz obod bo‘lsin!

Yana bir bor Navro‘zi ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!

Teglar
Insurance Policy