insurez
03-04-2024 11:04


Vazirlar  Mahkamasi huzuridagi markaziy Davlat arxividan

1994 yil 7 sentabrda olingan  № 12-13/31 xatdan ko‘chirma:

 

"O‘zSSR  Markaziy  Ijroiya  Qo‘mitasi  Kengashining 1926  yil  29 sentabr kuni  bo‘lib o‘tgan 1-chaqiriq  5-sessiyasida  "Rayonlashtirish haqida"gi  masala  ko‘rib  chiqilgan. Sessiyaning o‘sha  kungi  qaroriga ko‘ra,  ya’ni 1926 yil  29 sentabr kuni  "Bulung‘ur tumani"  tashkil  etilib  markazi  "Rostovsevo stansiyasi",  deb  belgilangan...

Markaziy  Arxiv  direktori o‘rinbosari: Imzo. T. K. Steklova.

Markaziy  Arxiv  bo‘lim boshlig‘i: Imzo. I.L. Lelyux."

*     *     *

Eslatma: O‘zSSR  Markaziy  Ijroiya Qo‘mitasi  Kengashining 1926 yil  29 sentabr kuni  bo‘lib o‘tgan 1-chaqiriq 5-sessiyasi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston IIV  Vazirining maxsus qarori  bilan 1926 yili oktabr oyida Bulung‘ur tumani Ichki Ishlar bo‘limi tashkil etilgan.

 

BULUNG‘URIM – G‘URURIM!  (Publitsistika)

 

Fozil Yo‘ldosh o‘g‘ling jaxon sayqali,

So‘zlaridan chaqnab turar mangu nur.

Naq markazda qad rostladi haykali,

Ulug‘ elsan, Bulung‘ur, tarixing zo‘r.

                             Xosiyat BOBOMURODOVA.

 

BULUNG‘UR TARIXIGA BIR NAZAR

 

Xalqimizda "Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q", degan naql bor. Darxaqiqat, tariximizga, o‘tmishimizga qanchalik ko‘p murojaat qilsak, buyuk ajdodlarimizning boy ijodiy-madaniy meroslarini yanada mukammalroq  o‘rgansak bugungi kunda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimizning salmog‘ini bundanda teranroq  anglaymiz. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimizning mazmun-mohiyatini kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lmish yoshlarimiz qalblariga singdirishga, ularni ona-Vatanimizga sadoqat, tariximizga cheksiz xurmat, vatanparvarlik, millatsevarlik ruhida tarbiyalashga har qachongidanda ko‘prok harakat qilamiz. Shu o‘rinda Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami oldidan yana bir bor tumanimizning tashkil etilishi, boy tarixiy, qadimiy  o‘tmishi, bugungi nurafshon, porloq kuni xaqida fikr yuritishni lozim topdik...

Yuqoridagi misralarda ta’kidlanganidek, Bulung‘urning tarixi ham o‘ziga xosligi bilan  alohida  ajralib turadi. Tumanimizning "Erganakli" mahallasi "Bolg‘ali" qishlog‘i  hududida joylashgan Xo‘ja Hofiz Merosiy qadamjosi va undan 200-250 metr oraliq masofadagi buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur qurdirgan Sheroz harbiy qalasi  yirik, nodir madaniy meros ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Sheroz harbiy qal’asida hozirga qadar qazishma- qidiruv ishlari olib borilyapti.

Hamyurtimiz, O‘zbekiston Geografiya jamiyati a’zosi, fidoiy inson  Safarali Jalilovning Sheroz qal’asi, Bulung‘ur tarixi bo‘yicha olib  borgan  ko‘p  yillik samarali izlanishlari ham alohida tahsinga loyiqdir. Undagi manbalardan, ya’ni Ibn Arabshoxning "Amir Temur tarixi" kitobidan quyidagi aniq faktlar keltiriladi: "Amir Temur 1393 yil 22 avgustdan, to 1396 yil 18 iyulgacha Sulton Ahmadga qarshi bo‘lgan uch yillik urushni tugatib, o‘z mamlakati - Samarqandga qaytadi. Keyin Temur Samarqanddan uning etaklariga chiqib, tevarak-atroflarida bir yerdan ikkinchi yerga ko‘chib yuradi. U Samarqand atrofida bir qancha joylar (Sultoniya, Sheroz, Bog‘dod, Damashq va Misr nomi bilan atalgan qishloqlar) qurib, ularni yuqoridagi singari dunyodagi ulug‘ va poytaxt shaharlar nomi bilan ataydi". Keyin bu voqealarni boshqa tarixiy kitoblar "solnomasi"ga taqqoslaganimizda  uning 1397 yil mart oyidan 1398 yil aprelgacha bo‘lgan oraliq ekanini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, Sheroz qal’asi mo‘g‘ul bosqini davrida vayron qilingan Buzmajon qishlog‘i o‘rnida 1397 yil mart oyidan boshlab qurilgan ekan, deb aytishimizga asos bo‘ldi. Eng asosiysi, biz Bulun-g‘urliklar endi "Bizda 1397 yil Amir Temur tomonidan bunyod etilgan Sheroz qal’asi bor", deb bemalol mag‘rurlanishimiz mumkin. (Izoh - S.J. niki). Uzoq yillardan buyon "Xo‘ja Xofiz Merosiy" deb nomlanib kelinayotgan ushbu qadamjo - Sheroz qal’asining tarixi keyingi yillarda keng va atroflicha o‘rganilmoqda.

Ko‘plab tarixiy kitoblarda, manbalarda ham Borkat (Bulung‘urning tarixiy nomi) - Bulung‘ur shahrining 3000 yoshdaligi haqida ilmiy jihatdan isbotlangan  aniq fakt-lar keltiriladi. Jumladan, Mirzo Ulug‘bekning "To‘rt ulus tarixi" kitobi ( T., 1994 y.  347-bet) da  "Sheroz qal’asi - Samarqandning sharq tarafida, undan  4 farsah (32 km.) narida joylashgan Buzmajan qishlog‘i o‘rnida Amir Temur tomonidan bunyod qilingan"ligi aytiladi. Tarixchi olim B. Ahmedov ham o‘zining  "Amir Temur" nomli kitobida huddi shunday  fikrni bildiradi. Ya’ni, "She’roz - shu tuman markazi. Samarqandning sharqida, undan to‘rt farsah (32 km.) masofada joylashgan shaharcha", deb izohlagan. Borkat haqidagi dastlabki ma’lumotlar X asrda yashagan  arab sayyohi  ibn Xavkalning "Kitob surat al-ard"("Yerning surati"kitobi T., 2011, 210-bet) da ham keltirib o‘tilgan. Bundan tashqari taniqli yozuvchimiz Pirimqul Qodirovning tarixiy mavzudagi  "Boburnoma" romanida ham  "Sheroz qal’asi", "Bulung‘ur qo‘rg‘oni", "Bulung‘ur qo‘rig‘i", kabi jumlalarning keltirilganligi tumanimiz tarixining qadimiy manbalarga boyligidan dalolat beradi. (Ushbu ma’lumotlar geograf  S.Jalilovning "Bulung‘ur hayoti" ro‘znomasi, 2021 yil 21 aprel sonidagi "Borkat - Bulung‘ur shahri 3000 yoshda" maqolasidan olindi). Shuningdek, Bulung‘ur shahri XVIII-asrning ikkinchi yarmidan so‘ng Chor Rossiyasi amaldorlarining xohish-irodalariga ko‘ra "Rostovsevo", keyinchalik "Krasnogvardeysk", deb nomlanganligini ham ta’kidlab o‘tishni joiz, deb bildik.

Manbalarda ta’kidlanishicha, Bulung‘ur tumanida O‘rta asrlarda xonlarning "Bedana qo‘rig‘i", deb ataluvchi dam oladigan joyi bo‘lgan. Yozuvchi Pirimkul Qodirovning "Boburnoma" asarini o‘qir ekansiz, unda "Sheroz qal’asi", "Bedana qo‘rg‘oni", "Bedana qo‘rig‘i" kabi so‘z birikmalari ishlatilganligining guvohi bo‘lasiz. Bu bejiz emas, albatta. 1451 yilda Bulung‘ur tumani hududida Samarqand hukmdori Mirzo Abdullo bilan  Abu Said  qo‘shinlari o‘rtasida shiddatli jang bo‘lgan. Jangda Mirzo Abdullo qo‘shinlari yengilgach, Abu Said Samarqand taxtini egallagan.

Xo‘ja  Hofiz  Merosiy haqida ma’lumot: U XV asrning ikkinchi yarmi, XVI asrning birinchi yarmida yashab, ijtimoiy-diniy va madaniy, adabiy sohalarda ham faoliyat ko‘rsatgan  mashhur shoir, xattot, diniy davlat arbobi  bo‘lib,  "Qur’oni karim"ni yetti xil qiroatda o‘qiy olgan dunyodagi yetti allomalardan biri  sanalgan. Xo‘ja Hofiz Me’rosiy O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan tarixiy manbaalariga ko‘ra 1475 yil 25 sentabrda Bulung‘ur tumani hududidagi Bolg‘ali qishlog‘ida tavallud topgan. Madrasalarda tahsil olgan. O‘sha davrning Sultoni bo‘lgan Ubaydullaxon xizmatiga kirib, bosh muftiy darajasigacha ko‘tarilgan. Sulton Ubaydullaxon Shayboniyxonning inisi bo‘lib Turkistonda tug‘ilgan. Xo‘ja Hofiz Merosiy 1528 yil 26 oktabrda Eronning Mashxad shahrida vafot etadi. Vasiyatiga ko‘ra o‘limidan 6 oydan keyin Sulton Ubaydullaxon farmoniga ko‘ra jasadi  Bulung‘ur tumaniga olib kelib ko‘milgan. Xo‘ja Hofiz Merosiy qalamiga mansub bo‘lgan, hali to‘liq o‘rganilmagan devonlar va sheriy asarlar O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanmokda. Bu asarlarni o‘rganib, tarjima kilib, kelajak avlodlarga yetkazish  muhim vazifa sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini saqlash va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining  2010 yil 14 sentabrdagi buyrug‘i va shu boshqarma ekspert guruhining 2010 yil 20 avgustdagi xulosasiga ko‘ra "Xo‘ja Hofiz Merosiy" nomi bilan bog‘liq, tarixiy joy madaniy meros ob’ektlarining "Diqqatga sazovor" joylar toifasiga olindi va mahalliy madaniy meros ob’ektlari kadastr ro‘yxatiga kiritildi.  Bundan tashqari, ziyoratgoh  hududida 20 sotixga yaqin  maydonda shifobaxsh qum bo‘lib bu yerga yoz oylarida tuman hududidagi qishloqlardan, qo‘shni tumanlardan,  qolaversa Jizzax viloyatidan  bel, oyoq og‘riq, bo‘g‘in  kasalliklariga  chalingan  bemorlar tashrif etishib, shifo topishayapti.

Bulung‘ur tumani mamlakatimizdagi eng qadimiy va yirik  tumanlardan biri hisoblanadi. Tabiati musaffo, havosi toza, suvi mazali, tumanning chor-atrofi Turkiston tog‘ tizmalari hamda G‘o‘bdin tog‘i bilan qurshalgan. O‘z  tabiiy iqlimi, geografik  joylashuvi, transport kommunikatsiyasi  bo‘yicha  qulay imkoniyatlarga egaligi va hududi asosan bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, kartoshkachilikka ixtisoslashtirilganligi tumanimizga o‘zgacha salobat, ko‘rkamlik hamda betakror chiroy baxsh etadi. Tumanning qoq  markazidan oqib o‘tadigan "Bulung‘ur" arig‘i va uning bo‘yidagi "Qizil kitob"ga  kiritilgan 50 ga yaqin kattayu-kichik buloqlar nafaqat tuman qolaversa, viloyat  ko‘rki hisoblanadi. "Bulung‘ur" arig‘i to‘g‘risida 2 ta rivoyat bor. Birinchisi "Bulung‘ur" so‘zi mo‘g‘ulcha "Bulug‘ar", ya’ni, "loyqa suv", degan ma’noni anglatsa, ikkinchi rivoyatda "Burulg‘ur" so‘zidan oldingan deyiladi. Chunki "Bulung‘ur" arig‘i Zarafshon vodiysidagi eng qadimgi ariqlardan biri bo‘lib, boshlanishidan oxrigacha 90 km.lik masofa bo‘lib burilib-burilib oqadi. Shuning uchun ariqning nomi "Burulg‘ur" so‘zidan olingani xaqiqatga yaqinroq bo‘lsa kerak, deb o‘ylaymiz. Samarqand bilan Jizzax chegarasidagi xalq orasida "Visshiy tochka"iborasi bilan mashxur bo‘lgan "Yuqori nuqta" hududining sir-sinoatlariga nafaqat hamyurtlarimiz, hatto xorijlik sayyohlar ham xayratda qolishadi. "Yuqori nuqta" mamlakatimizdagi eng baland, tarixiy joy hisoblanib bu yerda bir kunda to‘rt faslning o‘ziga xos tabiati, manzaralari aks etib turishiga ham guvoh bo‘lasiz. Qadimdan "G‘o‘bdin", "Fozil Yo‘ldosh" nomli, "Mingchinor", "O‘zbekiston" xo‘jaliklari hududidan qishin-yozin esib o‘tadigan "Ilon o‘tdi" shamoli tanga rohat baxsh etish barobarida tuman tabiatini mo‘tadillashtirib turadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yer yuzasi tekislik, iqlimi kontinental, quruq iqlim. Vegetatsiya davri 210-230 kun. Tuman hududidan "Bulung‘ur", Yangibesh, Qoraariq, Qorasuv, Polvonariq, Tuyatortar, Oqtepa, Oqariq kabi ariqlar, kanallar oqib o‘tadi. Yeri qumloq va bo‘z tuproqlardan iborat, to‘qayzorlari bor. Yovvoyi hayvonlardan bo‘ri, chiya-bo‘ri, tulki, ilonlar hamda quyon, bo‘rsiq, parrandalardan tustovuq, kaklik, bedanalar yashaydi.

Bu zamin labzi halol, qalbi buloq suvidek toza, mehnatkash, mehmondo‘st, asl sohibkorlar, bog‘bonlar, sabzavotkorlar, bir so‘z bilan aytganda mirishkor dexqonlar yurtidir. Shuningdek, tuman mehnatkashlarining  qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha ham  juda katta imkoniyatlarga, tajribaga, dehqonchilik madaniyatiga ega ekanligi tuman salohiyatini yanada oshiradi.

 

FOZIL YO‘LDOSh O‘G‘LINING

150 YILLIK YuBILEYI OLDIDAN

 

Qo‘lga oddiy  do‘mbira  olib,

O‘lan aytib dovriqlar solib,

                   Baxshi o‘tdi mag‘rur va g‘olib,

                   Fozil Yo‘ldosh deydilar uni.

                                          Rustam BERDIALIEV.

 

Yaqinda baxshi shoir, buyuk oqin Fozil  Yo‘ldosh  o‘g‘lining 150 yillik yubileyi Respublikamiz miqyosida keng nishonlanadi. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li 1872 yilda Loyqa qishlog‘ida tug‘ilgan. Shoirning otasi Yo‘ldosh aka oddiy qishloq fuqarosi, dexqonchilik ishi bilan mashg‘ul kishi bo‘lgan. Bulung‘ur dostonchilik maktabining buyuk namoyondalaridan biri bo‘lgan Fozil shoir 40 dan ortiq dostonlarning asl variantini yoddan kuylagan. Dostonlarining gultoji bo‘lmish "Alpomish" YuNESKOning tarixiy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgani baxshi shoirning nechog‘li buyuk tarixiy bir shaxs, tug‘ma oqin ekanligidan dalolatdir. U o‘zining doston va termalarida xalqni mardlikka chaqiradi, do‘stlikni ulug‘laydi, mehnat, hunar va ma’rifatni, mehr- oqibatni zavq-shavq bilan kuylaydi. Ona-Vatanga,  xalqqa  jonkuyar, ota-onaga  mehribon bo‘lishni ulug‘laydi. Uning "Nazar va  Oqbo‘tabek", "Zulfizar bilan Avaz", "Yusuf bilan Ahmad", "Intizor", "Ochildov"  "Murodxon", "Alpomish", "Yodgor", "Shirin bilan Shakar", "Rustamxon", "Malikai ayyor",  "Balogardon", "Murodxon", "Farxod va Shirin", "Layli va Majnun", "Mo‘lla G‘oyib",  "Go‘ro‘g‘lining Avazni olib kelishi",  "Jaxongir", "Mamatkarim polvon", "Mashriqo" , "Nurali", "Oshiq G‘arib", "Ra’no va Suxangul", "Rustamxon", "Layli va Majnun", "Avazxon", "Kunlarim", "Zevarxon", "To‘lg‘onoy" kabi 40 dan ortiq dostonlarida oliyjanoblik, insonparvarlik ideallari, xalqning umid va orzulari badiiy obrazlar orqali o‘ta jonli tasvirlab beriladi. Shoir o‘zi yashagan zamonni o‘tkir ko‘z va teran zehn bilan kuzatib boradi. Shu bois bo‘lsa kerak, asarlari baxshi shoir ijodida sermahsulligi, falsafiy mushohadalarga o‘ta  boyligi, voqea va hodisalarning real, xaqqoniy tarzda aks ettirilishi, davr ruhiga hamohangligi bilan alohida ajralib turadi. Birgina 1937 yilning o‘zida shoirning 9 ta dostoni yozib olinadi.

Sobiq Sovet hukumati Fozil shoirning xizmatlarini yuksak taqdirlaydi. O‘zbekiston hukumatining qaroriga asosan, Fozil shoir 1928 yilda umrbod beriladigan pensiya bilan ta’min etiladi, Sobiq SSSR Oliy Soveti Prezidiumi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lini ko‘p yillik samarali ijodiy xizmatlari uchun Lenin ordeni bilan mukofotlagan edi. O‘z xalqining sevimli oqini, baxshi-shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li 1955 yil 17 martda vafot etadi.

Yubiley oldidan tumanimizda ayni shu kunlarda keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish  ishlari olib borilmoqda. Bulung‘ur shahridagi Fozil  Yo‘ldosh  o‘g‘lining  xiyobonini  to‘liq qayta ta’mirlash, atrofini  yangi  temir panjaralar bilan o‘rash, xiyobon hududi hamda atrofiga tun chiroqlari o‘rnatish  borasida amaliy ishlar boshlab yuborildi. "Soxibkor" mahallasi hududidagi 1990-yili qurilgan Fozil Yo‘ldosh  o‘g‘lining uy muzeyi zamon talablari darajasida yangitdan qayta qurilyapti. Yubiley tantanalari bo‘lib o‘tadigan Bolg‘ali qishlog‘idagi Xo‘ja Xofiz Merosiy ziyoratgohi hududidagi She’roz qal’asida olib borilayotgan qurilish ishlari ham nihoyasiga yetay deb qoldi.  Bundan tashqari, "Bedana" mahallasi hududidagi "G‘ishtli ota" qabristoni hududida qurilayotgan  sharqona, gumbazli yangi 1500 o‘rinlik hashamatli jo’me masjidida ham so‘nggi pardozlash ishlari olib borilyapti. Masjid ham yubiley kunlari arafasida ishga tushiriladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, baxshi shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li 1955 yili vafot etganidan so‘ng sobiq tuman partiya tashkiloti (hozirgi tuman xokimiyati) binosi yonidagi madaniyat va istirohat bog‘iga dafn etilib, yodgorlik  lavhalari bitilgan qabr toshi o‘rnatilgan. Qabr atrofi, ya’ni 0,5 sotix joy yarim metr balandlikdagi temir zanjirli to‘siqlar bilan o‘ralib, gullar ekilgan. O‘sha paytlari bu joy tuman markazidagi eng so‘lim, dov-daraxtli, salqin joylardan bo‘lib doimo bu yerga dam oluvchilar, mehmonlar  kelib turishgan. Qabrni ziyorat qilishib, duoi-fotihalar o‘qishgan.

1970-yillarning boshida Bulung‘ur shahar markazidagi hozirgi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li xiyoboni tashkil etilib, 1976 yili kuz oylarida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli xujjatlar tayyorlangach baxshi shoirning qabri o‘sha joyga ko‘chirilgan edi. Ko‘p o‘tmay xiyobonning bosh qismida, ya’ni, chap tomonda joylashgan "Dilorom" choyxonasining o‘ng tomonidagi katta zalida  baxshi shoirning uy muzeyi tashkil etiladi. Xiyobon to‘riga uning haykali o‘rnatiladi. 1970-yillarning oxrida choyxona yonib ketadi. Jumladan yangi tashkil etilgan baxshi shoirning uy-muzeyi ham yonib barcha muzey eksponatlari nobud bo‘ladi.

Bugunga kelib xiyobonning yon atrofida yuzaga kelgan  tartibsizliklar, yengil avtoulovlarning tirbandligi, savdo rastalarining betartib ravishda joylashganligi tufayli shoirning qabri  yana tashlandiq holatga kelib qolgandi. Ko‘p sonli nuroniylar, oqsoqollar hamda tuman faollarining qabrni "Bedana" mahallasi hududidagi "G‘ishtli ota" qabristoniga ko‘chirish borasidagi takliflari inobatga olinib, tegishli hujjatlar tayyorlandi. Yaqin qarindoshlarining roziligi olindi. Shundan so‘ng shoir qabri "G‘ishtli ota" qabristoniga qayta ko‘chirildi. Qabrni ko‘chirish ishlarida viloyat Arxeologiya ilmiy-tekshirish instituti antrapologlari, komissiya a’zolari, eskpert shifokorlar, baxshi shoirning qarindoshlari, nevaralari ishtirok etishdi. Ayni paytda qabr ustiga yodgorlik lavhalari bitilgan qabr toshi o‘rnatish, shuningdek maqbara  qurilishi ishlari nihoyasiga yetkazilyapti. Imom-xatiblarimizning ta’kidlashlaricha, tarixiy manbalarda ham nafaqat oddiy fuqarolar qolaversa, hatto ayrim Payg‘ambarlarimizning, buyuk allomalarimizning ham qabrlari davr taqozosi bilan bir davlatdan ikkinchi davlatga yoki bir shahardan ikkinchi bir shaharga ko‘chirilishi hollari bo‘lgan ekan. Davr taqozosi yoki tabiiy ofatlar tufayli yuz beradigan bunday lozimatli ishlarga diniy tomondan hech qanday mo’nelik ko‘rsatilmas ekan. Shu tariqa shoirning qabri "G‘ishtli ota" qabristonida abadiy qo‘nim topdi. Ayni shu kunlarda "Bedana" mahallasidagi "G‘ishtli ota", "Xo‘jamazgil" mahallasi hududidagi "Xo‘jamazgil ota" kabi ziyoratgohlarda, Bulung‘ur shahridagi Xotira maydonida ham keng ko‘lamli ta’mirlash-tiklash, obodonlashtirish ishlari  olib borilyapti.

Bundan tashqari, tumanimizda Fozil Yo‘ldosh  o‘g‘li  uy muzeyini noyob va nodir eksponatlar bilan boyitish, uning hayoti va ijodiga oid turli xil tarixiy qimmatga ega bo‘lgan xujjatlarni, qo‘lyozmalarni, fotosuratlarni to‘plash ishlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, mahallalarda, mehnat jamoalarida bu qutlug‘ sana oldidan shoirning hayoti va ijodi, boy tarixiy merosiga bag‘ishlangan turli xil adabiy-badiiy kechalar, kitobxonlar konferensiyalari, taniqli adiblar, shoirlar bilan  uchrashuvlar  o‘tkazilmoqda.  

E’TIROF

Yangi yil arafasida tumanimizga Samandar Astonov hokim etib tayinlandi. Hokim ish faoliyatini zng avvalo tuman faollari, faxriylari, rahbarlari bilan maslahatlashib, ochiqcha muloqot qilishdan boshladi va: "Qanday qilib bo‘lmasin birinchi galda tuman iqtisodiyotini ko‘tarish kerak", degan qat’iy xulosaga keldi. Bu borada chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Ishni  kompleks tarzda tashkil etib, tumandagi mavjud xo‘jaliklar, korxona va tashkilotlar, MChJlar faoliyati bilan yaqindan tanishishdan, eng muhimi, tumandagi barcha sektorlarning ishini davrimizning yuksak talablari darajasida tashkil etishdan boshladi. Iqtisodiy jihatdan nochor xo‘jaliklar hamda korxonalarning qoloqlikka tushib qolish sabablarini keng va atroflicha o‘rgandi. Ularning iqtisodiyotini yuksaltirish chora-tadbirlarini ko‘rdi. Har bir sohaning yetuk mutaxassislari, bilimdonlari, olim-agronomlar, qolaversa, faxriylar bilan uchrashib borishni kundalik ish faoliyatining asosiy mezoni deb bildi. Ijtimoiy soha ob’ekt-larida, maktablarda, maktabgacha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini nazorat qilib borish hokim kundalik ish faoliyatining diqqat markazida bo‘ldi. Samandar Mustafoqulovich ish jarayonida Bulung‘ur hududi, xalqimiz hayoti, turmushi, qolaversa bulung‘urliklarning o‘ziga xos yashash tarzi, xarakterlari, fe’l-atvorlarini keng va atroflicha o‘rganar ekan, "Bulung‘urliklar bag‘ri keng, qalbi  toza, mehnatsevar insonlardir", degan   qat’iy xulosaga keldi. O‘z navbatida bulung‘urliklar ham bu ta’rifga haqiqiy munosib ekanliklarini amalda o‘zlarining halol, fidokorona mehnatlari  bilan isbotlashdi. Ishlar jadal tus ola boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, tuman xalqi hokim boshchiligida o‘z kelajagini, taraqqiyot yo‘lini qat’iy belgilab olib, bu ezgu maqsadlarini amalga oshirish uchun astoydil bel bog‘lashdi. "Intilganga tole yor", deganlaridek, ezgu maqsad yo‘lida qisqa fursat ichida qilinayotgan bu sa’y-harakatlar, qolaversa, xalqimiz iborasi bilan aytganda, "hokimnmng kechayu-kunduz tinim bilmay yelib-yugurishlari" birin-ketin o‘z samarasini bera boshladi.

- To‘g‘risini aytsam, yuqorida qayd etilganidek, tarixi ming yilliklarga borib taqaladigan, eng qadimiy, ko‘hna, yirik  bu tumanga hokim etib tayinlanaman, deb hech o‘ylamagandim, - deydi biz bilan suhbatda Samandar Mustofaqulovich. - Birinchi hosilimiz bo‘lgan pilla, g‘alla yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmalarimizni ortig‘i bilan uddaladik. Maqsadim bitta, bu vazifada qancha muddat ishlashimdan qat’iy nazar, Bulung‘ur xalqiga halol va sadoqat bilan xizmat qilish, imkon darajasida tuman iqtisodiyotini ko‘tarishdir. Bu borada menga nisbatan  xalqimizda hech qanday shubha-gumon bo‘lishi mumkin emas. To‘yga to‘yona bilan, deganlaridek oldimizda eshik qoqib turgan Mustaqilligimizning 31 yillik yubileyini munosib tarzda nishonlashdek qutlug‘ rejalarimizni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilayapmiz. Qolaversa, yaqinda tumanimizda baxshi-shoir Fozil  Yo‘ldosh o‘g‘lining 150 yillik yubileyini o‘tkazish ham hokim sifatida mening, tumanimiz xalqining zimmasida ekanligidan behad  quvonchdaman. Ayni shu kunlarda, yuqorida alohida qayd etib o‘tilganidek, bu qutlug‘ ayyomlarni yuksak saviyada o‘tkazish chora-tadbirlarini ko‘rayapmiz. Tuman xalqini, faollarimizni, nuroniylarimizni, yoshlarimizni, qolaversa ko‘p sonli gazetxonlarimiizni yaqinlashib kelayotgan qo‘shaloq yubileylar bilan chin qalbimdan qutlab qolaman. 

Ha, o‘z salohiyati, mavqei, o‘ziga xos tabiati bilan  Respublikamiz tumanlari o‘rtasida yo‘lchi yulduzdek porlab turgan Bulung‘ur tumani  va bulung‘urliklar bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.

Xolboy  QOSIMOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi a’zosi.      

 

 

Teglar
Insurance Policy