Sud qarori ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi zarur.
Bugungi kunda sud qarorlarining ijrosini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi N.Tursunova tomonidan Majburiy ijro byurosi Jomboy hamda Bulung‘ur tuman bo‘limlari bilan hamkorlikda sud qarorlarining ijrosini ta’minlash masalalari yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda sud raisi sud qarorlarini o‘z vaqtida ijro etish va bu borada davlat ijrochilarining mas’uliyatini oshirish hamda ular bilan hamkorlikda ishlash borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Qolaversa, “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 8, 24-moddalariga asosan asossiz (asosli) qaytarilayotgan hujjatlarga alohida e’tibor qaratib, aniqlangan kamchilik qaysi organ tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan bo‘lsa, zudlik bilan bartaraf etish, sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kelishib olindi.
Navbahor Tursunova
Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi