insurez
30-07-2024 11:44

O‘zbekiston Respublikasi tadbirkor ayollari murojaatnoma bilan chiqdi


M U R O J A A T N O M A

 

Aziz zamondoshlar!

Qadrli tadbirkor, ishbilarmon ayollar!

Hurmatli millatimiz xazinalari!

Hunarmandlar, ishlab chiqaruvchilar, fermerlar, biznes olami vakilalari!

Tadbirkor ayollarning ko‘payishi, mamlakatimizdagi minglab ayollarning o‘z mustaqil faoliyatiga, daromad manbaiga ega bo‘lishlarini, oilalarning budjeti yanada shakllanishiga va turmushi farovonlashishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

O‘zbekistonda yirik va o‘rta korxonalarga ega bo‘lgan kuchli tadbirkorlar jamoasi esa tadbirkorlik olamidagi ayollar kelajagini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z qarashlarini erkin namoyon etadigan vaqt keldi!

Tadbirkor degani, har qanday vaziyatda oqilona tadbir qo‘llay oladigan, kapitalini donolik bilan sarflaydigan  ziyoli, real shaxs degan ma’noni anglatadi.

Bugun ishbilarmon yurtdoshlarimiz safida o‘z mehnati, intilishi va tashabbusi bilan e’tibor qozonayotgan tadbirkor ayollar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Lekin, bu saf yanada kengaymog‘i zarur.

Biz tadbirkor ayollar Vatanimiz va xalqimiz farovonligi yo‘lida birlashadigan, qo‘lni qo‘lga beradigan davr keldi!

Keling, nafaqat xalqimizning, balki butun insoniyatning moddiy va ma’naviy yuksalishiga xizmat qiluvchi eng samarali tashabbuslarni ilgari suraylik!

Bu tashabbuslar barcha oilalar, farzandlar, onalar uchun xizmat qilsin!

Turfa tajovuzkorliklar avjlanayotgan, dunyo ko‘zdagi bir tomchi yoshdek qalqib turgan bir pallada biz tadbirkor ayollarning burchimiz, vazifamiz naqadar ulkanligini yanada chuqurroq anglaylik!

Yaratgandan ayol zotiga tabiiy  berilgan tadbirkorlik, ishbilarmonlik, oqilalik  salohiyatni kuchaytiraylik!

Endi ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy, iqtisodiy hayot maydonlariga “men” emas, “biz”ga aylanib qadam tashlaylik!

Davlatimiz Rahbari yuksak minbarlardan turib o‘rtaga tashlayotgan - ayolning hayotdan rozi yashashi, oila  bag‘ributunligi, jamul-jamligi, osuda hayot, farzandlar kamoli kabi oliy orzu-maqsadlar bilan uyg‘un dasturlar, loyihalar haqiqatga aylanishiga ko‘maklashaylik!

Jonajon O‘zbekistonimiz tarixining eng yorqin sahifalarida biz haqimizda:  "21-asrning tadbirkor ayollari O‘zbekiston degan ulug‘ mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdilar. Bu ayollar hunarmand, bunyodkor, quruvchi, chevar, fermer, chorvachi, sanoatchi va iqtisodning barcha yo‘nalishlarida faollarning eng  faoli bo‘ldilar.

Ular o‘zlariga davlat, boylik to‘plash uchun emas, ular ona Vatanlarini va farzandlarini yuksaltirish uchun o‘z kapitallarini, sarmoyalarini safarbar qilib, xalqiga yordam bera oldilar. Ular ziyoli va ma’rifatli tadbirkor onalar bo‘la oldilar!"  degan yozuvlar qolsin!

Biz O‘zbekistonning tadbirkor ayollari nafaqat,oilamiz va farzandlarimizni oyoqqa qo‘yishda, balki xalqimizning farovon hayotini, davlatimizning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda zo‘r ta’sir kuchiga ega bo‘laylik!

Yurtimizning iqtisodiy hayotiga yangi g‘oyalar olib kiraylik!

Muammolariga yechim izlayotgan ayollarimiz, opa-singillarimizning dardiga davo, og‘riqlariga malham bo‘laylik!

Dadil qadamlarimiz va uyg‘oq qalbimiz bilan dunyoga teran boqaylik! 

Biz ilgari surayotgan tashabbuslar, yangi loyihalar O‘zbekistonimizda daho farzandlar, olimu olima, shoiru shoira o‘g‘il-qizlar, yurt bayrog‘ini ko‘kka ko‘taruvchi polvonlar,  Navoiy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Zebunisobegim, Nodirabegimlarning munosib davomchilarining hayot maydonlariga kirib kelishiga, zamonaviy jadid va jadidalarimiz jahon minbarlarini zabt etishiga asos bo‘lib xizmat qilsin!

Avvalo, o‘zimizning, keyin jamiyatning fikrini, dunyoqarashini o‘zgartirishga, yangilashga hissa qo‘shaylik!

Butun dunyo biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotlar  o‘rnataylik! Mahalliy o‘zanlardan chiqib, o‘z brendiga ega ekspertchilarga aylanaylik!

Ayollar o‘z biznesini boshlashida duch kelayotgan to‘siqlarni yengib o‘tishlarida, hayot sifatini yaxshilashda, kichik va o‘rta korxonalarni yaratishda, biznes sohalarida xilma-xillikka erishishda yetakchi kuchga aylanaylik!

Hurmatli o‘z biznes faoliyatida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan yetakchi tadbirkor ayollar!

Mamlakatimizning barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun ayollarga teng imkoniyatlar yaratish, biznes va jamoat hayotida muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lgan ko‘plab O‘zbekiston ayollari uchun rag‘bat berish bizning faoliyatimizning mazmuniga aylansin!

Iqtisodiyotda gender tengligiga erishishda, gender tafovutni bartaraf etishda tashabbuskor bo‘laylik va yurtimiz va jahon yalpi ichki mahsulotini oshirishga hissa qo‘shaylik!

Bir tanu bir jon bo‘lib hukumat va moliya institutlari ayollarning kapitalga kengroq kirishini ta’minlashi uchun kerakli chora-tadbirlarni yanada kengroq  ko‘rishida talabgor bo‘laylik!

Ayollarga o‘z moliyasini qanday boshqarishni va o‘zlarini diskriminatsiyadan himoya qilishni yaxshiroq tushunishga yordam beradigan  moliyaviy savodxonlik dasturlarini  jahon andozalari darajasida amaliyotga tadbiq etaylik!

Har qanday steriotiplarni parchalab, oilalarga ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishning ahamiyati haqida ma’lumotlar berib, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va ayollarning biznesda muvaffaqiyat qozonishiga yordam berish mumkinligini xalqimizga yetkazaylik!

Kelgusi avlodlarimiz, farzandlaru nabiralarimizni el-yurtimizga xizmat qiladigan, ma’rifatli hamda ishbilarmon, tadbirkor, yuksak  ma’naviyatli qilib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik va birlashaylik!

Harakatlarimiz natijasida ayollar faolligini oshirish orqali oilalar obodligi, barqarorligi, pirovardida, jamiyat ravnaqi ta’minlansin!

Aziz tadbirkor ayollar!

Biz tadbirkorlarmiz!  Biz jamiyatda dunyo ayollari ichra bir qadam oldinda yurishi shart bo‘lgan ayollar safimiz!

Va lekin, avvalo mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat aytganlaridek: Biz onalar – butun bashariyatning tarbiyachilarimiz!

Shu ulug‘ vazifamizni hech qachon unutmaylik!!!

O‘z o‘zimizni,  ulkan salohiyatimizni buyuk Vatanimiz,  aziz xalqimiz saodati yo‘lida safarbar qilaylik!!!

 

O‘zbekiston Respublikasi

tadbirkor ayollari!

 

Teglar
- -