insurez
03-07-2024 16:24

Navbatdagi sessiyada 89 ta asosiy, tor hamda berk ko‘chalarning nomlari tasdiqlandi


Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi 102 sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi majlislar zalida o‘tgan sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, kun tartibidagi masalalarga aloqador hokim o‘rinbosarlari va tegishli tashkilot rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

 

Kengash raisi Samandar Astonov raisligida o‘tgan sessiya kun tartibida jami 5 ta masala, jumladan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Ibragimovning hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 79-sonli qarori ijrosini ta’minlash haqidagi, shuningdek Bulung‘ur tumanidagi ko‘chalarni nomlash va qayta nomlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

 

Xususan, hokim o‘rinbosari Sh.Ibragimovning ma’lumotiga ko‘ra, mahallalarda 1,0 mln.so‘mdan kam daromad ko‘rayotgan oilalarni daromadini oshirish bo‘yicha tanlab olingan 110 ta xonadonlarda tijorat banklari tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Ushbu xonadonlarga 8,0 mlrd.so‘mlik 642 ta amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Hozirga qadar, 55 ta xonadonlarda bo‘sh yer maydonlariga yengil konstruksiyali issiqxona qurib berildi;

- 2,7 gektar yer maydonida uzum ko‘chatlar ekildi;

- 10,9 mingta tovuq tarqatildi;

- 40 ta asalari uyalari olib kelindi;

- 2376 bosh qoramol va qo‘y boqish yo‘lga qo‘yildi;

- 8,0 mlrd.so‘mlik boshqa yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirildi.

Misol uchun, “Cho‘yantepa” mahallasida faoliyat olib borayotgan “Guli Sulaymanova liboslari” MChJ tashkil etib, mahalladagi foydalanilmayotgan mahallaning bo‘sh binosida tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tadbirkorlik sub’ektiga Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi  mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida 26 ta zamonaviy tikuv mashinalari ajratib berildi.

Mazkur tadbirkor tomonidan 20 nafar mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib, o‘rtacha oylik daromadi 1,8 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Shuningdek, Bulung‘ur tumanida jami 89 ta, ya’ni 16 ta asosiy ko‘cha, 24 ta tor ko‘cha hamda 49 ta berk ko‘chalarning nomlari tasdiqlandi.

 

Bundan tashqari sessiya davomida Xalq deputatlari Bulung‘ur tuman Kengashlari deputatlari tomonidan o‘z saylovchilari oldida axborot berish tartibi hamda Xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashi tomonidan tumanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitishning tartibi tasdiqlandi.

 

Sessiya davomida ko‘rilgan barcha masalalar deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, yakunda tegishli qarorlar qabul qilindi.

Teglar
- -