Kun tartibida og‘riqli mavzu: yoshlar jinoyatchiligi
Bulung‘ur tumani hokimligida mavzu yuzasidan o‘tkazilgan muhokamaga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, yoshlar sohasiga aloqador mutasaddilar taklif etildi.
Unda yil yakuni bilan “erishilgan” natijalar tanqidiy tahlil qilindi. Raqamlarga ko‘ra, joriy yil 11 oyi yakuniga qadar yoshlar tomonidan 61 ta jinoyatlar sodir etilib, 13 ta (27 foiz)ga oshgan.
Muhokama davomida jinoyatlarning O‘z. Res.JKning moddalari, sodir etilgan joyi, vaqti, hafta kuni, unda ishtirok etgan yoshlarning sektorlar kesimidagi yashash manzili bo‘yicha ulushi, ishtirokchilarning bandlik holati, jinoyatda ishtirokchilar soni, og‘irlik darajasi va takroriyligi borasidagi tahliliy ma’lumotlar o‘qib eshittirildi.
Xususan, ularning 50 foizdan ortig‘i ish vaqtida sodir etilgan bo‘lsa, 19 ta holatda ehtiyotsizlik, 13 ta holatda qonunga itoatsizlik natijasida kelib chiqqan. Avtoransport vositasida sodir etilgan hamda o‘g‘irlik jinoyatlari soni ortgan.
Muhokama davomida bu kabi holatlarga olib kelguvchi omillarni aniqlash hamda oldini olish, bunda nafaqat yoshlar, balki keng jamoatchilikning o‘rni xususida so‘z bordi. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning iqtidorini aniqlash va ijtimoiy foydali sohalarga yo‘naltirish, huquqiy targ‘ibot jarayonlarini kuchaytirish masalalari borasida takliflar bildirildi. Har bir soha mas’ullari oldida turgan kelgusi ustuvor vazifalar belgilab olindi.