insurez
12-12-2024 10:59

Gulzor mahallasi hududidagi tepalik VMQ 846-sonli qarorga asosan Milliy ro‘yxatga kiritilmagan


Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining so‘rovida Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasi hududidagi yodgorlik bo‘lib saqlanib kelayotgan “Oq bo‘rilar” filmidagi tepalikni buzib, tuprog‘idan g‘isht qilib sotib yuborilayotganligi yuzasidan holatga oydinlik kiritish so‘ralgan.

Holat yuzasidan tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi, Madaniy meros agentligi viloyat boshqarmasi hamda Samarqand arxeologiya institutidan mutaxassislar jalb etilib, ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorlik sub’ekti qazishma ishlari olib borilayotgan hududga nisbatan tegishli hujjatlarga ega bo‘lib, tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi tomonidan qonunga xilof jihatlar aniqlanmadi.

Shuningdek, Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi xodimlari hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilganda, ushbu tepalik Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti tomonidan ro‘yxatga olinmagan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi  846-sonli qaroriga asosan Milliy ro‘yxatda ham qayd etilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti tomonidan ushbu tepalikning tarixiyligini o‘rganish ishlari olib borilib, qo‘shimcha ma’lumot berililishi ma’lum qilinadi.

Teglar
- -