Dehqonning “bir”i “ikki” bo‘lsin...
Bugun qishloq xo‘jaligi sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, soha rivoji yo‘lida yangiliklar kiritilmoqda, yengilliklar berilmoqda. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish esa, har kimning o‘z qo‘lida.
Bulung‘ur tumani hokimigida tumandagi qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari hamda fermer xo‘jaliklari raislari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda sohadagi o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berilib, fermerlar ham davr talabiga moslashishi zarurligi, aks holda bugungi foyda ertaga keskin kamayishi mumkinligi yuzasidan ogohlantirildi.
Xususan, bildirilgan taklifga ko‘ra, 2026-yil hosili uchun tumanda g‘alla ekilishiga chek qo‘yilib, uning o‘rniga daromadi yuqori bo‘lgan sabzavot mahsulotlari ekiladi. Albatta, bundan ko‘zlangan maqsad har qarich yerdan imkon qadar ko‘proq daromad olish, xalqimiz dasturxoni to‘kinligiga hissa qo‘shish. Biroq, o‘z o‘rnida g‘alla maydonlariga kartoshka yoki sabzavotlar ekilishi bilan suvga bo‘lgan talab ortadi. Sir emaski, o’z o’rnida suv resurslari ham cheklangan va tobora global masalalardan biriga aylanib bormoqda.
Ana shunday bir sharoitda suv resurslaridan unumli foydalanish uchun suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, bunda tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tish, ariq va zovurlarni betonlashtirish, xarajatlarni kamaytirish maqsadida suv nasoslariga ham quyosh panellari o‘rnatilishini davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Uchrashuv davomida kun tartibida ko‘rilgan masalalar atroflicha muhokama qilinib, zaruriy vazifalar kelishib olindi. Xususan, ariq va zovurlarni betonlashtirish bo‘yicha joylarda ko‘rgazmali seminarlar tashkil etilishi belgilandi, suv hamda elektr energiyasidan foydalanishda qonunbuzilishlari aniqlanganda qat’iy ta’sir choralari ko‘rilishi ta’kidlandi, fermer xo‘jaliklarining samaradorlik reytingi joriy etilishi va doimiy yuritib borilishi tavsiya qilindi.