Bulung‘urda "Tadbirkorlar jamoatchilik kengashi" ta’sis etildi
Bulung‘ur tumanidagi sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va quritishga ixtisoslashgan “TOXIR” MChJda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi S.Astonov, viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi N.Ibragimov, viloyat hokimi huzuridagi tadbirkorlar jamoatchilik kengashi raisi H.O‘roqov hamda tumanda yirik quvvatda faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Ma’lumot uchun, korxona tumandagi eng namunali eksportyor korxonalardan biri hisoblanib, yiliga 8 ming tonna sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Rossiya, Germaniya, Avstriya va Yevropaning boshqa davlatlariga eksport qilib kelinmoqda.
So’ngra, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saralash va qadoqlash, umumiy ovqatlanish va savdo, savdo va logistika, qurilish, tibbiy va ta’lim xizmatlari, shuningdek ishlab chiqarish, savdo hamda sanoatning boshqa sohalarida faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlar o‘zlarining yo‘nalishi, mavjud imkoniyatlari hamda kelgusi rejalari haqida ma’lumot berdilar.
Shundan so‘ng, uchrashuvdan maqsad hamda tuzilajak kengash oldidagi vazifalarga to’xtalib o’tildi. Unda ko‘pchilikning ovozi bilan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saralash va qadoqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “METIN GROUP IMPEKS” MChJ ta’sischisi Karimov Ravshan Murodovich jamoatchilik kengashi raisi vazifasiga saylandi.
Uchrashuv davomida tadbirkor R.Karimov o‘zi tomonidan xitoylik hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yishni rejalashtirilgan “Donli iste’mol qilinadigan kungaboqar xom ashyosini yetishtirish” loyihasini taqdimot qildi. Bunda ushbu mahsulotga bo‘lgan talab, qilinajak sarf-xarajatlar va kutiladigan foyda haqida ma’lumotlar berilib, boshqa tadbirkorlarni ham hamkorlikka taklif qildi.
Ahamiyatlisi, tadbirkorlar o‘z rejalari bilan bo‘lishar ekan, bunda qo‘llab-quvvatlovchilar, hamkorlik qilish istagida bo‘lganlar topildi, o‘z tajribalarini o‘zaro o‘rtoqlashdilar. Kutilajak xavf-xatarlar borasida savollar va tavsiyalar berildi. Xususan, ayrim tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yuzasidan dastlabki kelishuvlar taklif etildib, qo‘shimcha uchrashuvlar belgilandi.
Uchrashuv yakunida ushbu loyiha nafaqat tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, balki jamiyat rivojiga, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Kelgusida mazkur jamoatchilik kengashi faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish borasida takliflar bildirildi. Xususan, har oyda bir marta, oyning o‘rtalari va haftaning so‘nggi kunlari uchrashuv uchun qulay vaqt sifatida tanlandi. Navbatdagi uchrashuv "G`O`BDIN SOF PARRANDALARI" MChJda tashkil etilishiga kelishib olindi.