O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining murojaati

Aziz fermer, dehqon va tomorqachilar, suvni tejang va qadrlang!

 

Qishloq xo‘jaligida suvni tejash, undan maqsadli, samarali va oqilona foydalanish, isrofgarchilikka barham berish orqali biz nafaqat bugun xalqimiz hayotining yanada farovonlashishiga hissa qo‘shamiz, balki kelgusi avlodlarimiz oldidagi eng oliy burchimizni ham bajargan bo‘lamiz.

 

Suvni har kim o‘zi uchun, kelajak avlodlar uchun tejashi lozim!

 

Mamlakatimizda suvning 91 foizi qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Uning atigi beshdan bir qismi yurtimizda shakllanadi, qolgani esa qo‘shni davlatlardan oqib keladi. Markaziy Osiyodagi jami suv zahiralarining 45 foizdan ortig‘i o‘lkamizda ishlatiladi.

 

Aziz hamkasblar!

Global iqlim o‘zgarishlari, mintaqada yog‘ingarchilik miqdori yildan-yilga kamayishi suv resurslariga ham ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bundan 30-35 yil oldin mamlakatimizda foydalaniladigan yillik suv miqdori 62-64 milliard metr kub atrofida bo‘lgan, hozirda bu ko‘rsatkich 51-52 milliard metr kubga tushib qoldi. Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, yaqin yigirma yilda ikki yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi hozirgidan 15 foiz qisqarishi, aholi jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foiz, qishloq xo‘jaligida hosildorlik 40 foiz tushib ketishi mumkin.Hisob-kitoblarga qaraganda, Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida 2040 yilga borib suv resurslariga ehtiyoj uchbarobar oshadi.

Suv taqchilligi oqibatlari Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirishi muqarrarligini hisobga olgan davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro anjumanlarda, viloyatlarga tashriflarida mazkur masalaga alohida e’tibor qaratib, suvni tejash va samarali foydalanishga da’vat etayotgani bejiz emas.

Agrar sohaning rivoji bevosita agrotadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish bilan birga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, ishchi holatini saqlash, hosildorlikni oshirish hamda suv resurslari ta’minotigabog‘liq.

Mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ochiq maydonlar, bog‘-tok qator oralari va tomorqa yerlarida to‘qsonbosti ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, ekin maydonlari va ekinlar tarkibini iqlimga moslab optimallashtirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish choralari ko‘rilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining o‘rni muhimligini e’tirof etish zarur.Kengashning barcha bo‘g‘indagi rahbar va xodimlari hamda Buxgalteriya markazlari vakillari aniq va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan holda suvdan foydalanishdagi muammo va kamchiliklarni tahlil qilish asosida tegishli xulosa va takliflarni fermer, dehqon va tomorqachilarga muntazam ravishda yetkazib boradi.

 

Hurmatli fermerlar, dehqonlar, bog‘bon va tomorqachilar!

Suv isrofining eng katta qismi aynan qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Yurtimizdagi sug‘orish tarmoqlarining yarmi betonlanmagan, ya’ni tuproq o‘zanli ariq va kanallardan iborat bo‘lgani bois katta miqdorda suv yo‘qotilmoqda.

Mamlakatimizdagi sug‘oriladigan maydonlarning 60 foiziga 1680 dan ziyod nasos stansiyasi va 4 mingdan ortiq sug‘orish qudug‘i orqali juda katta mablag‘ va sa’y-harakatlar evaziga suv yetkazib beriladi. Suv xo‘jaligi sohasiga ajratilgan 10 trillion so‘mning 63 foizi nasos stansiyalarining elektr energiyasiga sarflanadi. Ayon bo‘ladiki, suv tekin emas, hatto arzon ham emas!

Suv katta xarajat va ming mashaqqat bilan yetkazib berilayotgan sharoitda tomorqa va dalalarni ko‘llatib sug‘orish, oqovani zovurlarga tashlab qo‘yish kabi salbiy holatlarga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Resurs tejamkor texnologiyalar qo‘llayotganlaryildan-yilga ko‘paymoqda.Ayniqsa, tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret usulida sug‘orish, yerni lazer uskunasida tekislash ommalashmoqda. Bu orqali fermer va dehqonlar, klaster egalari nafaqat suvni tejayapti, balki hosildorlik oshishi hisobiga yaxshigina daromad ham ko‘ryapti.

Tajribali dehqonlar yaxshi biladiki, tomchilatib sug‘orish dalaga emas, o‘simlikka suv berish degani. Mablag‘ tejaladi. An’anaviy sug‘orishda o‘g‘it suvga oqib, zovurlarda qamishni ko‘paytirayotgan bo‘lsa, tomchilatib sug‘orishda o‘g‘itaynan ekinlarga bir xil yetkazib berilishi hisobiga hosildorlik oshmoqda.

Siz ham ilg‘orlar safiga qo‘shiling! Suv zar – suvchi zargar, degan maqol bejiz aytilmagan. Qishloq xo‘jaligida zargarona mahorat bilan suvdan unumli foydalaning! Tejamkorlikning zamonaviy usullarini qo‘llab, suv behuda sarf bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang! Bu borada boshqalarga namuna bo‘ling.

“Otang mirob bo‘lsa ham, arig‘ingni chuqur qazgin”, degan naqlga amal qilib, ishni kuz-qish mavsumida o‘z hududingizdagi sug‘orish tizimlarini tozalash va betonlashdan boshlang!

 

Muhtaram paxtakor va g‘allakorlar!

Qishloq xo‘jaligidagi suv ta’minotida ustuvorlik paxta va g‘allaga beriladi. Obihayotning qariyb 60 foizi ushbu ekinlarni sug‘orish uchun yo‘naltiriladi. Shu ma’noda agrar sohada suvdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi ko‘p jihatdan paxta va g‘allaga sarflangan suvga bog‘liq bo‘lmoqda.

Mavjud suv resurslarining istiqbolda ehtiyojni qondira olmasligi global muammoga aylanishi tayin. Tejamkor texnologiyalarni joriy etish suvdansamarali foydalanishdek strategik maqsadning bosh omili sanaladi. Davlat tomonidan ushbu yo‘nalishda imtiyozlar berilib,imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan fermer xo‘jaliklariga subsidiya ajratiladi va shu ekin yerlari besh yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi, suv hisoblagich qo‘yilganda suv solig‘idan 30 foiz imtiyoz beriladi.

Tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilganda har gektar sabzavot, kartoshka, uzum, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchungektariga 8 million so‘mdan, mevali ekinlarga 6 million so‘m va poliz ekinlariga 1,3 million so‘m subsidiya berish belgilangan. Paxta va g‘alla maydonlariga o‘rnatilgan suv tejovchi uskunalar uchun bir yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga har bir gektarga 25 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi ko‘zda tutilgan.

 

Qadrli hamyurtlar!

Qatrasi tillodan qimmat suvni tejar ekanmiz, bu mamlakatimiz iqtisodiyotiga, xalqimiz farovonligiga, el-yurtimiz ravnaqiga, farzandlarimizning kelgusi baxtli-saodatli hayotiga qo‘shayotgan eng xayrli ulushimiz bo‘ladi.

Suv tekin emasligi, uni isrof qilish esa xalqimiz kelajagiga xiyonat bilan barobarligini unutmaylik!Suv to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik ham belgilanganini yoddan chiqarmaylik!

 

Qayta-qayta takrorlangan bo‘lsa-da, bir haqiqatni unutishga haqqimiz yo‘q: suv eng – ulug‘ ne’mat! Undan tejamkorlik bilan foydalanish, har bir tomchisini asrab-avaylash kelajak avlodlar oldidagi burchimizdir!

 

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM