Toma toma ko'l bo'lur...

 Bugun kunda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning kundan-kunga ortib borayotgani va uni ishlab chiqarish chora-tadbirlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani tabiiy manbalarning bitmas-tuganmas emasligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli elektr energiyasini tejash va undan oqilona foydalanishga e’tibor qaratishimiz lozim.

Hozirgi davr mavjud energoresurslardan tejamkorlik bilan foydalanishni toqozo etadi. Energiya samaradorligi bu – energiya resurslaridan samarali, ya’ni oqilona foydalanishga qaratilgan jarayon. Binolarning energiya ta’minoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish ham samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi. Texnika va texnologiya rivojlanishining hozirgi darajasida yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda iqtisodiy jihatdan asoslangan samaradorlikka erishish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilish ham shular jumlasidan.

Elektr energiyasidan oqilona va samarali foydalanish uchun nimalarga e’tibo qaratish lozim? Quyida bu borada sizga asqotishi mumkin bo‘lgan ayrim tavsiyalarni keltirib o‘tamiz:
Maishiy texnika jihozlari kutish rejimida oyiga o‘rtacha 7,3 kVt/soat elektr energiyasini sarflaydi. Shu sababli ularni tarmoqdan uzib qo‘yishni unutmang! Kir yuvish mashinasidan foydalanganda esa +60^K dan pastroq haroratda kir yuvishga harakat qiling. Chunki bu orqali siz energiya sarfini 30-40% qisqartirishingiz mumkin.

Shuningdek, maishiy texnikalarni sotib olishda ham energiya tejamkorlikni hisobga olish talab etiladi. Bu borada “A”, “A+”, “A++” toifadagi maishiy texnika va elektr jihozlar energiyani tejashga yordam beradi. Muzlatgich gaz plitasi yoki isitish radiatori yoniga o‘rnatilsa, elektr energiyasi iste’moli 20-30 foizga oshadi. Bir dona energiya tejovchi lampochka bilan bir yilda 80 ming so‘mlik mablag‘ni iqtisod qilish mumkin. Birgina telefon quvvatlagichi tokka ulangan holda kunu tun qolsa, o‘rtacha bir oyda 1,5 kVt.soat, yiliga 18 kVt.soat energiya sarflaydi.

Har bir inson uydan chiqayotganida chiroqni o‘chirib yursa, kunduzi tabiiy yorug‘likdan foydalanib, atrofidagilarga ham shuni o‘rgatsa, energiyani tejashga katta hissa qo‘shgan bo‘ladi. Mutaxassislarimizning elektr energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida o‘tkazgan o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, hozirda yurtimizdagi har bir xonadonda bir yilda o‘rtacha 400 kVt.soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati mavjud. Bu ko‘rsatkich yurtimiz bo‘yicha 1,8 milliard kVt. soatga aylanadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki,  bugun biz elektr engergiyasi bebaho boyligimiz ekanligini chuqur his etishimiz, undan tejab-tergab foydalanishimiz lozim va shart. Zero, tejamkorliksiz rivojlanish va taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM