Hokim yoshlar bilan uchrashuvda bildirilgan murojaatlar bilan joyiga chiqib tanishdi

Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasida 1-sektor rahbari, tuman hokimi Samandar Astonov ishtirokida “Sektor rahbari va yoshlar” uchrashvi hamda mahalla fuqarolari uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Tuman DXX rahbariyati, 1-sektor ishchi guruhi a’zolari, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etishgan uchrashuv davomida yoshlar tomonidan 8 ta, mahalla fuqarolari tomonidan bildirilgan 7 ta murojaatlar ijro uchun ro‘yxatga olindi.

Tuman hokimi yoshlar bilan suhbatda bo‘lar ekan, ular tomonidan bildirilgan har bir murojaatni batafsil tingladi, qo‘llab-quvvatlab, qonun doirasida yordam ko‘rsatilishini, o‘zi ham joyiga chiqib tanishishini bildirdi.

Va’daga muvofiq, tuman hokimi uchrashuvdan keyin shu mahalla fuqarosi Abdusattarov Muxiddinning ish joyiga borib, faoliyati bilan tanishdi. Muxiddin 1995-yilda tug‘ilgan bo‘lib, tadbirkorlik faoliyati uchun ijaraga xona olgan. Buyurtma asosida erkaklar poyabzallari tikish bilan shug‘ullanadi. Bugun 2 nafar shogirdlari ham bor.

-Asbob-uskunalarim yetarli emas, agar menga yordam ko‘rsatilsa, faoliyatimni kengaytirishim, mahsulotlarim soni va turini ko‘paytirib, mahalliy bozorga ham chiqarishim mumkin. Shunda hozirda xorijda bo‘lgan akalarimni ham uyga chaqirib, oilaviy faoliyat yuyuritishimiz mumkin bo‘lardi, deydi M.Abdusattarov tuman hokimi bilan suhbatda.

Suhbat davomida Muxiddin “Yoshlar daftari”ga kiritilib, subsidiya asosida asbob-uskuna olishiga yordam ko‘rsatilishi belgilandi.

Shu mahalla fuqarosi Xolboyev Mirzabek 1996-yilda tug‘ilgan bo‘lib, xorijdan naslli qoramollar keltirgan. Ularga ozuqa yetishtirish uchun yer so‘rab murojaat qildi. Mahlla faollari ta’kidlaganlaridek, M.Xolbyuoev bugun o‘z xonadonida qaymoq, brinza, qatiq, kefir ishlab chiqarib, mahalla aholisiga yetkazib bermoqda. Kelgusida chorvachilik hamda ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish maqsadida.

Mazkur murojaatga muvofiq mahalladagi hokim yordamchisi hamda yoshlar yetakchisi Mirzabekka yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishlari belgilandi.

 

Uchrashuv davomida bildirilgan barcha murojaatlar ijrosi uchun aniq muddatlari ko‘rsatilgan holda mas’ullar biriktirilib, natijasi yuzasidan tuman hokimiga ma’lumot kiritilishi lozimligi belgilandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM