Bulung‘ur tumani hokimi: Har bir murojaat ortida inson taqdiri turibdi

Bulung‘ur tuman hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi muhokama yig‘ilishi kun tartibida Ijro.gov.uz tizimi orqali kelib tushgan topshiriqlar, hokim yordamchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan murojaatlar, joylarda aholi va yoshlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv va sayyor qabullarda bildirilgan murojaatlar, haftaning dushanba kunlari o‘tkazilayotgan qabullarda ro‘yxatga olingan murojaatlar ijro holati, ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan savol, taklif va e’tirozlarga mas’ullar tomonidan munosabat bildirilishi holati tanqidiy muhokama qilindi.

 

Hokim qabulida ro‘yxatga olingan murojaatlarni ko‘rib chiqishda sutkashlikka yo‘l qo‘yganligi sababli “Agrobank” ATB Bulung‘ur filiali, tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limiga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Joriy yil o‘tgan davri mobaynida tuman hokimi va sektor rahbarlari tomonidan joylarda jami 40 marotaba uchrashuvlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 361 ta murojaatlar qayd etilgan. Shundan 34 tasining muddati bor, 218 tasi bajarilgan bo‘lsa, 109 tasi o‘z muddatida bajarilmagan. Murojaatlarning aksariyati imtiyozli bank krediti olish hamda qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yer olish masalasida bo‘lsa, tijorat banklari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi tanqid qilindi.

 

Bundan tashqari muhokama davomida aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan elektr energiyasi tizimidagi mavjud muammolar tahlil qilinib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tearli ddarajada olib borilmaganligi, o‘z vaqtida bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan muammolarni ham hal etish choralari ko‘rilmaganligi tanqid ostiga olindi. Tizimda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berildi.

  • Har bir murojaat ortida inson taqdiri turibdi. Buni mas’ullar to‘g‘ri anglashi lozim. Fuqaro murojaatlariga befarq bo‘lgan, xalq dardu-tashvishi bilan yashamaydigan rahbar bizga kerak emas, ular bilan xayrlashishimizga to‘g‘ri keladi, deya ta’kidladi tuman hokimi Samandar Astonov.

 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-20 sonli va Vazirlar Mahkamasining 709-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli muhokama qilinib, ayrim hududlarda aholini qamrab olish, ishni tashkil etish borasida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi ma’lum qilindi. Misol uchun, tumanning Olmazor mahallasida 21 gektar yer uchastkasi 20 sotixdan qilinib, 105 ta lot auksionga qo‘yilgan bo‘lsada, 72 ta holatda talabgorlar aniqlangan. Shu o‘rinda tuman markazida joylashgan Istiqlol mahallasi fuqarolaridan 20 nafari qo‘shni mahallalardan auksionga qo‘yilgan yerlar hisobidan yer olishgan. Mazkur jarayonda avvalo mahalla raisi bosh bo‘lib hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari bilan birgalikda faol targ‘ibot olib borishi, aholining xabardorligini oshirishi lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, muhokamalar davomida xorijdan qaytib kelgan fuqarolar bandligini ta’minlash, bunda avvalo auksionda ishtirok etib, yer olishlariga e’tibor qaratish, tijorat banklari tomonidan kredit ajratish borasidagi sustkashliklarga barham berish, “Tashabbusli budjet” jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish choralarini ko‘rish borasidagi masalalar muhokama qilindi. Xususan. jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishda mahalla raislari eng avvalo ko‘pchilikning manfaatiga xizmat qiladigan masalalarga e’tibor qaratishlari, mahalla fuqarolari orasida faol targ‘ibot qilishlari lozimligi bildirildi.

 

Yig‘ilish davomida ko‘rilganbarcha masalalar yuzasidan aniq muddatlari ko‘rsatilgan holda zaruriy vazifalar belgilanib olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM