Tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari diqqat markazida

Bulung‘ur tumanidagi Kattaqishloq mahallasidagi 3-sonli umumiy o‘rta-ta’lim maktabi faollar zalida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda tuman hokimi Samandar Astonov, tumanga Moliya vazirligidan biriktirilgan mas’ul Rabbimqul Raxmonov, tijorat banklari, tumanning Kattaqishloq, Olmazor, Lalmikor, G‘o‘bdin mahallalaridagi hokim yordamchilari, tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi fuqarolar ishtirok etishdi.

 

Xo‘sh, bugun hokim yordamchilari nimalar bilan band? Qanday re’jalari, takliflari bor-u, ularni amalga oshirish borasida qanday muammolari bor?

Tuman hokimi har bir mahalladagi hokim yordamchilari bilan suhbatda bo‘lar ekan, yuqoridagi savollarga javob izladi. Muloqotlar davomida ayrim mahallalardagi hokim yordamchilari masalani chuqur o‘rganishganliklari, zarur hollarda boshqa mahallalar, qo‘shni tumanlardagi ijobiy tajribalarni ham joyiga borib o‘rgangan, mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda holda fuqarolarga to‘g‘ri yo‘nalish berishayotganliklari ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga ba’zi mahallalardagi hokim yordamchilarida tashabbuskorlik yetishmayotganligi, masalaga yuzaki munosabatda bo‘linayotganligi kuzatildi.

Tuman hokimi har bir tashabbuskor bilan muloqotda bo‘lar ekan, amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihasi yuzasidan tajribasi borligi, re’jalari puxta ekanligi bilan qiziqdi. Misol uchun Kattaqishloq mahallasi fuqarosi D.Bobojonova sohada tajribaga ega bo‘magani holda asalarichilik uchun kredit olish niyatida. Bank kredit ajratishi mumkin, biroq, tadbirkor sohani rivojlantira olmasa, moliyaviy murakkab vaziyatga tushib qolishi ehtimoli bor. Shu nuqtayi-nazardan kelib chiqib, tashabbuskor fuqaro hokim yordamchisi hamrohligida bu boradagi tajribani joyiga borgan holda o‘rganishi lozimligi taklif qilindi.

Olmazor mahallasidagi hokim yordamchisi Fayzullaev Doniyor ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish maqsadida har bir loyiha, uning qiymati bilan shaxsan tanishib, o‘rganib, shunga ko‘ra, aniq mablag‘ doirasida tavsiyanoma berayotganligini bildirdi. Hokim yordamchisi Samarqand shaxridagi KOIKA kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishib kelgan. Ishsiz yoshlarni markazda o‘qishga taklif qilmoqda. Ma’lum qilinganidek, markaz o‘quv kurslari 3 oylik bo‘lib, o‘quvchilar yotoqxona va stipendiya bilan ta’minlanadi. Bugun mahalladan 2 nafar fuqaro tikuvchilik sirlarini o‘rganish uchun Toshkent shaxriga o‘qishga yuborilgan. Ular tumanga qaytishgach, mahalla xotin-qizlariga ham o‘z bilimlarini o‘rgatishadi va mahallada tikuvchilik faoliyati markazlashgan holda tashkil etiladi. Bu esa, yirik miqdordagi buyurtmalarni ham qabul qilish imkonini beradi.

Tumanning Lalmikor hamda G‘o‘bdin mahallalaridagi hokim yordamchilari hudud sharoitidan kelib chiqqan holda chorvachilik, parrandachilik, lalmi yerlardan samarali foydalanish maqsadida suv chiqarish masalalariga e’tibor qaratishayotganliklari ma’lum bo‘ldi.

Tashabbuskorlar bilan suhbat davomida bildirilgan har bir murojaat va takliflar ro‘yxatga olinib, mas’ullar oldiga aniq vazifalar belgilandi.

Hokim yordamchilariga ishlarni yanada jonlantirish vazifasi berilib, endilikda hokim yordamchilari tashabbusi va ko‘magida amalga oshirilgan loyihalar bilan joyiga chiqqan holda tanishilishi ma’lum qilindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM