Yurtdoshlarimiz berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan xabardormi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 20-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Bulung‘ur tumanidagi zaxira yerlari 10 yil davomida foydalanish uchun onlayn auksion savdolariga chiqarilmoqda. Bunda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”da turganlarga imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, ulardan elektron raqamli imzo olish va auksion savdolarida qatnashishda mabjuriy yig‘imlar undirilmaydi, hokim yordamchilari tomonidan tavsiya xati asosida qo‘shimcha ustunlik beriladi.

         Tumandagi 1-sektor shtabida tuman hokimi, sektor rahbari Samandar Astonov rahbarligida mahalla raislari va hokim yordamchilari bilan bu boradagi ishlarning ahvoli va natijadorligi muhokama qilindi. Joylarda mazkur yo‘nalishdagi ishlarning yetarli darajada samarali tashkil etilmayotganligi tanqid qilindi. Zero, yerga ekin ekish mavsumi yaqinlashmoqda. To mavsum o‘tib, muddat kechikmasidan yerga urug’ qadash lozim. Buning uchun esa, aholining mazkur masalalardan xabardorligini oshirish, imtiyoz va afzalliklarini to‘g‘ri tushuntirib berish zarur. Muhokamalar davomida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilanib, ishni to‘g‘ri tashkil qilish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, bahor mavsumi boshlanib, milliy bayramlarimizdan “Navro‘z” bayrami yaqinlashib kelayotganligini inobatga olgan holda obodonlashtirish va tozalik ishlariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM