Navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi

“Bulung‘ur hayoti” gazetasi tahririyatida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida “Aholiga moddiy yordam, bolalar puli, nafaqa va pensiya ajratilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida” so‘z yuritildi. Mavzu yuzasidan byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi tuman bo‘limi rahbari Jasur Abraqulov tomonidan ma’lumot berildi.

 

Qayd etilganidek, bugun tizimda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, bunda eng avvalo, inson omilini yo‘qotishga harakat qilindi. Bugun barcha murojaatlar mahalla fuqarolar yig‘iniga yo‘llanib, murojaatlar tuman pensiya jamg‘armasi tomonidan elektron tizimga kiritiladi. Javoblar esa murojaatchining telefon raqamiga yuboriladi. Muhimi, bugungi kunda ilgari bo‘lgani kabi, limit yo‘q. Har bir mahalladan istalgancha murojaatlar qabul qilinadi va tizimga kiritiladi.

J.Abraqulov ta’kidlaganidek, murojaatchining ijtimoiy ahvoliga ko‘ra, unga bola puli yoki pensiya tayinlanishi yoki rad etilishi haqida oldindan taxminiy ma’lumotga ega bo‘lsadlarda, murojaat tizimga yuklanadi. Sababi, fuqaroga onlayn javob kelishi kerak va u tizimda byurokratiya mavjud emasligiga ishonchi komil bo‘lishi lozim.

Ta’kidlanganidek, bugun aholining fikrini inobatga olingan holda qonunchilika ham o‘zgartirishlar kiritilib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2022-yil 1-martdan boshlab:

a) kompensatsiya to‘lovi, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’i nazar to‘lab boriladi;

b) ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi.

Bunda, ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslar uchun har oylik kompensatsiya to‘lovi — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida to‘lanadi;

v) yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilandi.

Bunda, 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan fuqarolar nafaqasiga har oyda to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika budjeti va Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM