Bulung‘urning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish choralari ko‘rilmoqda

Bulung‘ur tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan korxonalarning barchasi ham bugun to‘liq quvvatda ishlayotgani yo‘q. Bunga fermer xo‘jaliklari bilan mustahkam va ishonchli aloqa o‘rnatilmaganligi, fermerlarning tuman uchun yangi bo‘lgan ayrim mahsulotlarning agrotexnik tadbirlaridan yaxshi xabardor bo‘lmaganliklari kabi obyektiv va subyektiv faktorlar ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Tuman hokimligi fermerlar va eksportyor korxonalar rahbariyati bilan suhbatda bo‘lib, bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, tuman hududidagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda eksportyor korxonalarning ham to‘la quvvatda ishlashlariga ko‘maklashish choralarini ko‘rmoqda.

Shu maqsadda bugun  tumandagi “Samarqand Garden Plast” qo‘shma korxonasida fermer xo‘jaliklari raislari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda korxona faoliyati: qaysi turdagi mahsulotlarga, qay tartibda ishlov berilishi va eksport qilinishi yuzasidan ma’lumotlar berilib, gulkaram, brokkele kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining agrotexnik tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.


Ma’lum bo‘lishicha, korxonada joriy yilda Ukrainalik agronom mutaxassis ish boshlagan, hududlarga jami 12 nafar agronomlar biriktiriladi. Ular har kuni o‘ziga biriktirilgan hududlarni ko‘zdan kechirishib, zaruriy tavsiyalarni berib borishadi. Mahsulotlar parvarishi uchun zaruriy kimyoviy dori vositalari ham korxona tomonidan beriladi.
Taqdimotdan keyin qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun korxonaga sayohat tashkil qilinib, jarayonlar bilan yaqindan tanishtirildi. Mahsulotlar narxi, shartnoma shartlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Joylarda tashkil etilayotgan bu kabi uchrashuvlardan fermerlar va eksportyor korxonalar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi hamda aloqalarni yaxshilash maqsad qilingan bo‘lib, bu har ikki tomon manfaatiga xizmat qilishi kutilmoqda.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM