O‘zbegim tojik bilan ...

O‘zbek va tojik xalqlarini azaldan mustahkam rishtalar bog‘lab turadi. Bir-birimizni tarjimonsiz ham yaxshi tushunamiz. Dinimiz bir, urf-odat, an’ana va qadriyatlarimiz mushtarak. Eng muhimi, samimiy do‘stlik munosabatlari, qon-qardoshlik rishtalari mustahkamlanishi uchun davlat rahbarlari darajasida choralar ko‘rilmoqda.

Bundan 4 yil muqaddam O‘zbekiston va Tojikiston chegaralaridagi avtomobil o‘tkazish punktlarining qayta ochilgani ham  ayni maqsadga xizmat qilmoqda.

Yurtimizning Tojikiston bilan chegaradosh Urgut tumani misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda “Jartepa” – “Sarazm” avtomobil o‘tkazish punkti qayta ochildi va ushbu chegara posti orqali yaqin qo‘shnilar o‘zaro bordi-keldi qilib, bir-birining to‘y-marosimlarida ishtirok etyaptilar. Festival va boshqa nufuzli tarbirlarida qatnashyaptilar. Shuningdek, delegatsiyalar almashinuvi ham ushbu yo‘l orqali amalga oshirilmoqda.

Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyatiningqishloq xo‘jaligi, investitsiya va davlat mulki, kapital qurilish boshqarmalari rahbarlari, shahar va tumanlar raislari, ishbilarmon doiralar hamda qurilish tashkilotlari vakillaridan iborat delegatsiyasi bir necha bor Urgutda bo‘lib, tuman iqtisodiy, madaniy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, Samarqand viloyati delegatsiyasi bir necha marotaba qo‘shni mamlakatda tashrif bilan bo‘ldi. Delegatsiyalar almashinuvi o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatini oshirgani shubhasiz.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar ko‘lami va qamrovi kengayib borayotgani O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari manfaatlariga xizmat qilmoqda. Har ikki yurt Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.

Davlat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari nafaqat O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini rivojlantirish, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bugun O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan tojik millatiga mansub yurtdoshlarimiz mamlakatimiz aholisining salmoqli qisminitashkil etadi. Ular orasida davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlar ko‘p. Respublika tojik milliy madaniyat markazining joylarda 10 dan oshiq filiali faoliyat yuritmoqda. 250 ga yaqin umumta’lim maktabida, jumladan, Urgutda ham 4 ta maktabda ta’lim tojik tilida olib boriladi.

Joriy yilda O‘zbekiston ko‘magi bilan Tojikistonda tibbiyot muassasasi, qo‘shni mamlakat yordami bilan yurtimizning Urgut tumanida yangi umumta’lim maktabining ochilgani do‘stona rishtalar mustahlanib borayotganing amaliy ifodasi bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, o‘zbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog‘iga o‘xshaydi. Quvonchu tashvishlarimiz, taqdirimiz mushtarak.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM