Mahallalarda olib borilayotgan ishlar ahvoli tanqidiy tahlil qilindi: bir qancha mas’ullarga nisbatan intizomiy chora ko‘rilishi belgilandi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida mahalla raislari, ularning xotin-qizlar masalalari bo'yicha o'rinbosarlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirok etishdi. 

Muhokama yig‘ilishi kun tartibida “Ayollar daftari”ning 3-bosqichini yakunlash, oilaviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish chora-tadbirlari, suiqast va suitsid holatlarining tahlili hamda mahallalarda ijro intizomi masalalari tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan tuman hokimi maslahatchisi M.Qurbanova, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, yaqin kunlarda tasdiqlanishi kutilayotganligini ta’kidladi va mazkur Qarorga muoviq “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida kutilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi. “Ayollar daftari” bilan ishlashda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun Beshkuvi hamda Suluvqo‘rg‘on mahallalari raislariga nisbatan “hayfsan” intizomiy chorasi ko‘rilganligi eslatilib, bu borada shaxsiy mas’uliyatni oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mahallalarda jitnoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, suiqast va suitsid holatlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar muhokama markazida bo‘lib, mavzu yuzasidan tuman prokurorining o‘rinbosari S.Karimov hamda tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari I.Raupov o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.


Muhokama davomida jinoyatchilik ortgan mahalalar ro‘yxati o‘qilib, mazkur mahalalardagi mas’ullardan izoh so‘raldi. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda jamoatchilikning ishtirokini kengaytirish, har bir holatni o‘z joyida, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish lozimligi, oldini olish mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar yuzasidan profilaktika inspektorlarining mas’uliyatini yanada oshirish choralarini ko‘rish lozimligi ta’kidalandi.

Bundan tashqari kun tartibida oilaviy ajrimlar masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yil davomida tumanda 173 ta ajrim holatlari qayd etilgan.
-  Bu raqamlarning bittasi ham ko‘p, sababi bunda norasida boalarning taqdiri haqida so‘z ketmoqda, deya o‘z fikrini bildirdi hokim maslahatchisi M.Qurbanova. 
Notinch oilalar masalalarida hududlardagi nuroniylar, hoji ota, hoji onalar, mahalla faollarining ishtiroki va faol rolini oshirish lozimligi ta’kidlandi. 

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlik sur’atlari keskin oshgan 11 ta mahalla profilaktika uchastka nozirlariga nisbatan intizomiy chora ko‘rish to‘g‘risida tuman ichki ishlar bo‘limiga taqdimnoma kiritilishi, shuningdek, ajrimlar soni ortishiga nisbatan sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lganligi uchun Bog‘bon, Ulug‘bek, Oqtepa mahallalari raislari va ularning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga nisbatan, ish faoliyatida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun Yangiqo‘rg‘on va Elobod mahallalarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga nisbatan “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanilishi, “Amir Temur” mahallasi raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining ishda qolish-qolmasligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilandi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM