Tilsiz yovdan jabr ko‘rgan oilaga ko‘mak beriladigan bo‘ldi

Joriy yil yanvar oyining so‘ngida Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasi Oqtepa-Metan qishlog‘ida yashovchi fuqaro T.O.ning yashash uyida yong‘in sodir bo‘ldi. Tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, uyning taxminan 35 metr kvadrat qismi, ya’ni shift, tom qismi va uy jihozlari zararlangan, 40 metr kvadrat qismi yong‘indan saqlab qolingan.

 

Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov tuman sektor rahbarlari hamrohligida fuqaroning xonadonida bo‘lishdi. Mahalla mas’ullari, faollari, uy egalari bilan suhbatda bo‘lishib, ko‘rilgan zararni ko’zdan kechirishdi. Bugungi kunda zararni qoplash, uyni butlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.

Oliyjanob xalqimiz azaldan yiqilganga yordam qo‘lini cho‘zib o‘rganishgan. O‘zaro maslahatlashilgan holda, fuqaroning yashash xonadoni sektor rahbarlari, mahalla-ko‘y, tadbirkorlarning beg‘araz ko‘magi yordamida ta’mirlanib berilishiga kelishildi. Shuningdek, hashar yo‘li bilan oshxona, hojatxona qurilishi, hovli oldidan sement yordamida yo‘lak qilinishi belgilandi. Tuman hokimining ko‘rsatmasiga binoan, fuqaro yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaganligi sababli tortilishi lozim bo‘lgan ma’muriy jazodan ozod etish choralari ko‘rilishi belgilandi.

Mahalla raisi Abdusalom Ernazarovning ma’lum qilishicha, hozirgacha ushbu xonadon tom qismi uchun yog‘och qurilish materiallari, 37 ta shifer, pol uchun yog‘och materialar keltirilgan, eshik-deraza maslasi hal qilinmoqda.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM