Korrupsiya jamiyat rivojiga to'siq

Xabaringiz bor, joriy yil 12-yanvar kuni Bulung‘ur tumani Ergnakli mahallasida “Sektor rahbari va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazilgan, unda tuman hokimi Samandar Astonov tomonidan yoshlarning murojaatlari tinglangan edi.

 

 

Uchrashuv davomida mahalla yoshlaridan biri oilasi “Temir daftar”da ro‘yxatda turishini, 2016-yildan buyon otasining sog‘lig‘i og‘ir ekanligini, tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi poliklinika bo‘limida ishlovchi Y.Sh. otasini birinchi guruh nogironlikka chiqarib berish evaziga 200 (ikki yuz) AQSh dollari berishni talab qilganligini bayon qilgan edi.

 

Murojaat ro‘yxatga olinib, nazoratga olindi. Holat yuzasidan DXX tuman bo‘limi hamda Departamentning tuman bo‘limi hamkorligida faol tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Yu.Sh. Bulung‘ur tumani poliklinikasidagi xizmat xonasida ariza muallifidan 200 (ikki yuz) AQSh dollarini olgan vaqtida, xolislar ishtirokida va ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinib, holat protsessual tartibda hujjatlashtirildi.

 

Bugun, 17-yanvar kuni erta tongdan tuman tibbiyot birlashmasida sektor rahbarlari, tuman Kengashi deputatlari, nuroniylar, tuman tibbiyot birlashmasi rahbari, bo‘lim boshliqlari va mas’ul hodimlari ishtirokida holat yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

 

Yig‘ilish avvalida Departamentning tuman bo‘limi rahbari X.Roziqov so‘zga chiqib, yig‘ilish ishtirokchilarini holat yuzasidan ma’lumot bilan tanishtirdi.

 

Muhokamalar davomida, so‘zga chiqqan tuman hokimi S.Astonov “Korrupsiya jamiyatimiz rivojiga asosiy to‘siqlardan biri ekanligini barchamiz yaxshi anglaymiz. Shunday ekan, uning har qanday shakliga qarshi doimo murosasiz kayfiyatda bo‘lamiz!”, deya ta’kidladi.

 

Muhokama jarayonlarida nuroniylar, tibbiyot tizimida ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan shifokorlar so‘zga chiqib, holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.

 

Muhokamalar yakunida tizimda korrupsiyaga olib kelayotgan omillarni barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilishi lozim bo‘lgan zaruriy vazifalar belgilab olindi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM