Bulung‘ur tumanining turizm salohiyatini oshirishdagi istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi

Xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimining o'rinbosari - turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig'i Rustam Qobilov bugun Bulung‘ur tumanida bo‘lib, tuman hokimi Samandar Astonov bilan birgalikda tumanda turizm yo‘nalishini yaratish, buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Yo‘nalishga taklif etilayotgan har bir obyekt joyiga chiqqan holda o‘rganilib, uning salohiyati va kelgusi imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

 

Xususan, tuman markazidagi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li hiyobonini ko‘zdan kechirish bilan boshlangan o‘rganish davomida “Xo‘ja Hofiz Merosiy” ziyoratgohi, “Sheroz qal’a” tarixiy-harbiy majmuasi, “Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li” uy muzeyi, 2-sonli Sohibkor madaniyat uyi, shu mahalladagi "Invest agro global" ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi, “Xo‘jamazgil ota” ziyoratgohi ko‘zdan kechirildi.

 

Safar davomidagi so‘nggi manzilda “Xo‘jamazgil ota” ziyoratgohining kelib chiqish tarixi, jumladan 1200 yillik tut daraxti va shifobaxsh buloq tarixi haqida, bu manzilda shu kunga qadar amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi. Mazkur ziyoratgohning mehmonlarni o‘ziga tortishi mumkin bo‘lgan o’ziga xos jihatlari, tevarak-atrofni obod qilish masalalari muhokama etildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM