Jonkuyar rahbar ehtirom bilan nafaqaga kuzatildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Saipov Temur Gadaybaevich sog‘lig‘idagi muammolar sababli o‘z arizasiga ko‘ra nafaqaga kuzatildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Mamatjon Turdiev,  tuman hokimi Samandar Astonov, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, tashkilot va muassasa rahbarlari, deputatlar, nuroniylar, mahalla raislari ishtirok etishdi.


  
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Temur Saipovning halolligi, odamohun, mehnatsevarligi, doimo har bir masalaga adolat nuqtayi-nazari bilan munosabatda bo‘lishi haqida iliq fikrlarni bildirishdi.
U kishining ijobiy fazilatlari, ko‘p yillik samarali mehnatlari alohida e’tirof etilib, nafaqaga chiqishlari munosabati bilan zarbof to‘n kiydirilib, ehtirom  ko‘rsatildi.

Tadbir so‘ngida Temur Saipov ham so‘zga chiqib, ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnaddorchilik bildirdi hamda bundan keyin ham imkoniyati qadar vatan uchun xizmat qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Saipov Temur Gadaybaevich 1954-yilda Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. 1978-yilda Ichki ishlar tizimida o‘z mehnat faoliyatini boshlagan bo‘lsa, 2010-yilga qadar turli rahbar lavozimlarda faoliyat yuritgan. Xususan, faoliyati davomida Oqdaryo tumani, Kattaqo‘rg‘on shahri, Urgut tumani, Toyloq tumani, Samarqand shahri, Siyob tumani, Ishtixon tumani, Pasdarg‘om tumanlarida ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifalarida mehnat qilgan. 2017-yil 1-martdan bugunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bulung‘ur tumandagi xalq qabulxonasi mudiri vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM