Bulung‘urda “Prezident sovg‘asi” o‘z egalariga yetkazib berildi

Bugun davlatimiz rahbari boshchiliga olib borilayotgan siyosatning bosh g‘oyasi “Inson qadri uchun”. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar xalqimizga xizmat qilishga, insonlar ertani kutib emas, aynan bugunidana rozi bo‘lib yashashlariga qaratilgan.

 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2021-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-56-son Qarori ham fikrimizga yana bir misol bo‘la oladi.

 

Hujjatga asosan:

• 2021-yil davomida "Temir daftar" ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga;

• 18 yoshga to‘lmagan farzandlari bor boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarga;

• 18 yoshgacha bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchi oilalarga 2021-yilning dekabr oyida 800 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan edi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida ajratilgan mablag‘lar Bulung‘ur tumanida ro‘yxat asosida o‘z egalariga topshirildi. Bunda tuman hokimi Samandar Astonov, hokim o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, hokim yordamchisi lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlar, deputatlar, mahalla raislari va o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.

 

Ro‘yxat asosida mablag‘ ajratilgan har bir oilaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabriknomasi ham topshirildi. Xususan, tuman hokimi Samandar Astonov mablag‘larni topshirish jarayonida Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi.

Hokimga qarata aytilgan rahmatlarga esa, “Bizga emas, muhtaram yurtboshimizga rahmat ayting. Biz bor-yo‘g‘i ajratilgan mablag‘larni sizga yetkazib beryapmiz xolos”, deya javob qaytardi.

 

Ajratilgan mablag‘lar sog‘lig‘idagi muammolar yoki boshqa bir sabab bilan kela olmagan fuqarolarning yashash xonadonlariga yetkazib berildi.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi Qaror asosida “Temir daftar”dagi 832 ta oilaga 665 mln. 600 ming so‘m hamda 18 yoshga to‘lmagan farzandlari bor boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi va 18 yoshgacha bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchi oilalarga jami 1 mlrd. 302 mln. 400 ming so‘m naqd pul mablag‘i ajratilib, o‘z egalariga topshirildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM