Bulung‘urda yangidan joriy etilayotgan “Markazdan mahallagacha” tizimi afzalliklariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

“Mahallabay” ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida har bir mahallada “Hokim yordamchisi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, ayni kunlarda mazkur vazifaga nomzodlarni saralab olish jarayonlari davom etmoqda. Tuman hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi seminarda har bir mahallaga munosib nomzodlarni saralab olish, ularning ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, mehnatini munosib rag‘batlantirish borasida belgilangan vazifalar to‘g‘risida tushunchalar berildi.

 

Viloyat iqtisodiyot boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shuxrat Nurbekov va tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshod Habibullaev raisligida o‘tkazilgan seminarda “Mahallabay” ishlash markazi bo‘lim boshliqlari va mutaxassislari hamda “Hokim yordamchisi” lavozimiga nomzodlar ishtirok etdi.

Seminarda ta’kidlanishicha, ishsiz yoshlar va ayollarga Davlat tomonidan moddiy hamda ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatiladi. Bu vazifalarni bajarish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Shundan, 10 million dollari kasb-hunarga o‘qitish, 90 millioni esa o‘quv kurslarini tamomlab, ser­tifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratishga sarflanadi.

“Ijtimoiy shartnoma” orqali nodavlat kasb-hunar o‘quv kurslarida o‘qiyotgan o‘smirlar va ayollarga ta’lim xarajatlari uchun 1 million so‘mgacha sub­sidiya beriladi.

Seminarda, shuningdek, bu borada ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasi ham o‘rganilganligi ham ma’lum qilindi. Xususan, aholining ta’lim uchun mablag‘i yo‘q bo‘lgan qatlami ta’limiga investitsiya kiritish tajribasi rivojlanishning asosiy omilidir. Xitoy va Hindistonda bu siyosat o‘z samarasini bergan bo‘lib, kambag‘allar safi qisqarganligi kuzatilgan.

Umuman olganda, seminar davomida, endilikda ish tizimi “markazdan mahallagacha” yo‘nalishida tashkil etilishi va bunda “Hokim maslahatchilari”ga yuklanadigan vazifalar haqida to‘liq tushuncha berildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM