5 sinf o‘quvchilarining intellekti sinovdan o‘tkazildi: natijalar qanday?

Bulung‘ur tumanidagi umumta’lim maktablari 5 sinf o‘quvchilarining aqliy rivojlanishini tekshirish maqsadida IQ (ing. intellectual quotent) testi olindi.

Testda tumandagi 69 ta umumta’lim maktablaridan 3385 nafar o‘quvchi yoshlar ishtirok etishgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 986 nafar (29.1 %) o‘quvchilarning IQ darajasi yuqori, 1187 nafar (35.1 %) o‘quvchilarning IQ darajasi o‘rta, 1212 nafar (35.8 %) o‘quvchilarning IQ darajasi o‘rtadan past deb topilgan.

Natijalarni maktablar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, eng yaxshi natijani tumandagi 27 maktab o‘quvchilari qayd etishgan. Maktabdan test jarayonlariga 15 nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 13 nafarining (86.7 %) IQ darajasi yuqori, 1 nafarining (6,7 %) IQ darajasi o‘rta va 1 nafarining (6,7 %) IQ darajasi o‘rtadan past deb baholangan.

Test yakunlariga ko‘ra, past ko‘rsatkich qayd etilgan maktablar ham talaygina. Xususan, tumandagi 9 ta (4, 21, 26, 32, 35, 44, 52, 61, 63) maktabda IQ darajasi yuqori o‘quvchilar soni 0 % ni tashkil etgan bo‘lsa, ular orasidan eng yomon ko‘rsatkich 35 maktabda bo‘lib, o‘quvchilardan 96.2 % qismining IQ darajasi o‘rtadan past deb baholangan.

 

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bolalar IQ darajasi rivojlanishi juda ko‘p omillarga bog‘liq. Bunda uning ajdodlaridan tortib (nasldan naslga o‘tadi), yashab turgan muhiti, iste’mol qilayotgan mahsulotlarigacha o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ammo, nima bo‘lganda ham hech kim olim bo‘lib tug‘ilmaganidek, bolalarning aqliy qobiliyatini, mantiqiy fikrlash darajasini shakllantirish va rivojlantirish mumkin. Bunda, albatta, ota-ona va ta’lim muassasaning o‘zaro hamkorligi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday bo‘lsada, tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan eng past natija qayd etilgan yuqoridagi umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari malakasini sinovdan o‘tkazish va oshirish to‘g‘risida chora-tadbirlar ko‘rilishiga ishonamiz.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM