Inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan qonun loyihasi joylarda sayyor tartibda muhokama qilinmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari M.Urozalieva, Sh.Abduxalimov hamda transplantologiya bo‘yicha mutaxassis B.Nurmuhammedovlar Bulung‘ur tumanida bo‘lishib, joylarda aholining turli qatlamlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

 

Uchrashuvlarda “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan tushunchalar berildi. Erkin muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvlar davomida aholi turli qatlamlari vakillarining fikr-mulohazalari, takliflarini o‘rganildi, qonun loyihasi yuzasidan uchrashuvlarda ishtirok etganlar o‘rtasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda tuman kengashi deputatlari, tibbiyot xodimlari, mahalla raislari, fuqarolar, bemorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. O‘tkazilgan suhbatlarda qonun ijodkorligi faoliyatiga jamoatchilikni keng jalb qilish muhim ekanligi, shu sabab muhokamalarda barcha o‘z fikrini bildirishi maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda qonun loyihasidagi normalar, bugungi kunda transplantologiya sohasini yanada rivojlantirish, bu borada yechimini kutayotgan muammolar bo‘yicha qator takliflar berildi. Xususan, qonun loyihasida mutaxassislarni tayyorlash, bu borada jinoyatchilik, korrupsiya kabi illatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, shu maqsadda bunda bemorda ham, donorda ham hech qanday moddiy manfaatdorlik bo‘lmasligi qat'iy norma sifatida belgilanishi rejalashtirilayotganligi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, uch o‘qishdan o‘tishi lozim bo‘lgan qonun loyihasi birinchi o‘qishdan o‘tgan.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM