Sessiya: Bulung’urda 1 ta mahalla nomi o’zgardi, davlat reestriga kiritilmagan 2 ta maydon va 4 ta ziyoratgoh nomlandi, 482 ta nomsiz va nomi qonun talablariga javob bermaydigan ko‘chalarga nom berildi

Xabar berganimizdek, joriy yil 14 sentyabr kuni Xalq deputatlari Bulung’ur tuman Kengashining qirq birinchi sessiyasi bo’lib o’tdi.

Sessiya davomida tuman hokimining maslahatchisi G‘.Shamanovning “O‘zbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Bulung‘ur tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari, maydonlar, ziyoratgohlar, qishloq aholi punktlari, ko‘chalarni nomlash va qayta nomlash hamda tartibga solish to‘g‘risida”gi hisoboti tinglandi.

 

Hokim maslahatchisinng ma’lum qilishicha, Bulung‘ur tumanidagi 1 ta turdosh mahalla fuqarolar yig‘ini, 607 ta nomsiz va nomi qonun talablariga javob bermaydigan ko‘chalar, 3 ta maydon va 4 ta ziyoratgohlar nomlari “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risidagi Qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi o‘rganib chiqildi va 2021-yil 17-mayda Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasiga tegishli xulosa berish uchun yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2021-yil 15-iyundagi 01-14-427-sonli ekspert xulosasi hamda Bulung‘ur tuman adliya bo‘limi tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish yuzasidan 2021-yil 29-iyuldagi xulosasiga asosan Bulung‘ur tumanida 1 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 2 ta maydon, 4 ta ziyoratgoh, 482 ta nomsiz va nomi qonun talablariga javob bermaydigan ko‘chalarning nomlari o‘rganilib chiqilib, ijobiy xulosa berildi.

Jumladan, Bulung‘ur tumanida 1 ta “Kattaqishloq-1” mahalla fuqarolar yig‘ini “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘ini nomiga o‘zgartirildi, Shu kunga qadar og‘zaki ravishda hujjatlarda nomlanib, lekin davlat reestriga kiritilmagan 2 ta maydon Mexrjon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li hiyoboni” va Mingchinor mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Xotira maydoni”, 4 ta ziyoratgoh: Erganakli mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Xo‘ja Hofiz Merosiy” ziyoratgohi va “Sheroz” qal’asi, Xo‘jamazgil mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Xo‘jamazgil ota” ziyoratgohi, Bo‘dana mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “G‘ishtli ota” jome masjidlari nomlandi.

Yuqoridagi ma’lumotlarga asosan, xalq deputatlari Bulung’ur tuman Kengashining qirq birinchi sessiyasi qaroriga ko’ra:

-Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash to‘g‘risidagi takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2021-yil 15-iyundagi 01-14-427-sonli ekspert xulosasiga asosan Bulung‘ur tumanida 1 ta mahalla fuqarolar yig‘ini 1-ilovaga, 2 ta maydon 2-ilovaga, 4 ta ziyoratgoh 3-ilovaga, 482 ta nomsiz va nomi qonun talablariga javob bermaydigan ko‘chalar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlanishi;

-Mahalla fuqarolar yig‘inlari, qishloq aholi punktlari va ko‘cha nomlari aks ettirilgan peshlavhalarni 1 oy muddatda belgilangan tartibda o‘rnatilishi;

-Tuman statistka bo‘limi (S.Turdiyev), O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiligining davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi Bulung‘ur tuman filiali (O.Suvonqulov), tuman Ichki ishlar bo‘limi (B.Jo‘raqulov), tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi (D.Jabbarov), tuman Tibbiyot birlashmasi (V.Xudoyqulov)larga yangi va qayta nomlangan mahalla fuqarolar yig‘ini, maydonlar, ziyoratgohlar, qishloq aholi punktlari va ko‘chalarning nomlarini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati Xalq deputatlari Bulung‘ur tuman Kengashining 2020-yil 8-iyuldagi 53/7-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risi”gi Qonunga muvofiq Bulung‘ur tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari, qishloq aholi punktlari, ko‘chalarni nomlash va qayta nomlash hamda tartibga solish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanishi belgilandi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring: sessiya qaroroiga ko’ra nom berilgan geografik ob’ektlar ro’yxati e’lon qilinadi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM