insurez
09-06-2025 12:33


Bulung‘urda Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
 

Bugungi kunda korrupsiya illatiga qarshi kurash to‘g‘risida so‘z yuritilar ekan, asosiy e’tiborni uning oqibati bilan emas, aksincha shart-sharoit yaratayotgan omillarni bartaraf etishga qaratiladi. Bulung‘ur tumani hokimligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy Kengashi yig‘ilishida ham mazkur masalaga e’tibor qaratildi.

Tuman prokurori I.Mustanov, tuman IIB boshlig‘i J.Saidov, xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri A.Shokirov rahbarligida o‘tkazilgan muhokamada mahallalardagi hokim yordamchilari, soliq inspektorlari, qurilish sohasi mas’ullari, tegishli tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etishdi.

Unda dastlab soliq tizimida olib borilgan o‘rganishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘qib eshittirildi. Tumanning 2 ta mahallasida o‘tkazilgan tanlanma o‘rganishda 2 ta korxonada tovar aylanmasi oydan oyga kamayib ketgan bo‘lsada, mahallaga biriktirilgan soliq inspektorlari tahlil qilmagan. Natijada 2 ta korxonada ham hisobot topshirmagan. 2 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt, ro‘yxatdan o‘tmagan yoki tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan bo‘lsada, faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlanib, soliq inspektorlarining intizomiy javobgarlik masalasi hal qilindi.

Yoki o‘rganishlar davomida tumandagi bozorlar va yirik savdo shahobchalariga biriktirilgan soliq inspektorlari o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi oqibatida tadbirkorlik subyektlarining aksariyati soliq to‘lamaslik maqsadida kunlik tushumlarini yashirib, “konvert” ususlida ish haqi to‘lash, ijara shartnomalarini nomigagina tuzib, ishchilar sonini aks ettirmaslik holatlari aniqlangan.

Tuman soliq inspeksiyasi tomonidan 2023-yilning may oyidan 2024-yilning fevral oyiga qadar chiqarilgan 202 ta holatda 488 mln. 885 ming so‘mlik ma’muriy jarimalarni 3 oylik muddatda majburiy ijro etishlik uchun Majburiy ijro byurosi organlariga yubormasdan, ushbu qarorlarning ijrosi ta’minlanmaganligi natijasida davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan tuman soliq inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi J.K.ning 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Shuningdek, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limida olib borilgan o‘rganish ma’lumotlari ochiqlandi. Xususan, joriy yilda iqtisodiy sohada 4 ta jinoyatlar bandlik organlari va unga tasarrufiy muasssalarda sodir etilgan (shulardan 3 tasi hokim yordamchilari).

Hisobotlarga qo‘shib yozish bo‘yicha joriy yilning birinchi choragida 100 dan ortiq holat aniqlanib, 11 nafar mas’ullar intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shundan nafari bandlik organi xodimini tashkil qiladi.

Tumandagi 3 ta mahallada hokim yordamchilari X.N., F.A. hamda A.P.lar turli MChJ va fuqarolar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, jami 256 mln. so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilishganligi aniqlangan.

Tuman kamabag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limining “Yagona milliy mehnat tizimi” elektron platformasi orqali amalda ish bilan band bo‘lgan yoki o‘zini – o‘zi band qilgan 19 nafar fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 barovarigacha miqdorda subsidiyalar qonunchilikka zid ravishda berilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, tumandagi 123 ta loyihalar manzilli o‘rganilganda, 768 ta ish o‘rinlaridan 717 ta ish o‘rni soliq hisobotlarida ko‘rsatilgan bo‘lib, 51 ta ish o‘rinlariga o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar ekanligi aniqlandi. Misol uchun, “Fozil Yo‘ldosh” mahallasida fuqaro Turdiboev Farxod tomonidan alyuminiy romlar ishlab chiqarish loyihasi foydalanishga qabul qilingan bo‘lib, ushbu loyihada tadbirkor tomonidan 3 ta ish o‘rni yaratilganligi ko‘rsatilgan bo‘lsada, amalda ushbu fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilgan holda ishlab kelayotganligi aniqlangan.

 

Muhokamalar davomida har bitta aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlari, mahallalarga biriktirilgan mas’ullardan izoh so‘raldi. Bundan keyin aniqlangan har bir kamchilik uchun albatta tashkilot rahbari emas, aksincha shu vazifaga mas’ul bo‘lgan xodimning shaxsan o‘ziga nisbatan javobgarlik masalasi ko‘rilishi ta’kidlandi.

Muhokama so‘ngida, bu kabi o‘rganishlar va muhokamalarni tashkil etishdan maqsad kimnidir ayblash emas, balki kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan noqonuniy yoki xato hatti-harakatlarga barham berish ekanligi ta’kidlandi. Ishlamagan xodim va mas’ullarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish bilan bir qatorda, samarali va fidoiy ishlayotgan xodimlarni rag‘batlantirib borish ham zarurligi bildirildi.