Xotin-qizlar va bolalar huquqlari davlat himoyasida
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad eng avvalo, inson huquq va manfaatlari, jumladan, xotin-qizlar va bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, milliy qonunchilik bazasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga hamohang tarzda tobora mustahkamlab borilmoqda.
Shuning bilan birga, yurtimizda xotin-qizlarning va bolalarning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishning huquqiy kafolatlari yaratilgan bo‘lib, u zamon talabi asosida takomillashtirib borilmoqda. Zero, sog‘lom oilani shakllantirish orqali jamiyatda yuksak ma’naviy-axloqiy muhitni qaror toptirish, oila mustahkamligini ta’minlash hamda uning manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Aytish joizki, keyingi yillarda ushbu sohani ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashmoqda.
Afsuski, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, salbiy holatlar, ya’ni xotin-qizlar, voyaga etmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqlar, o‘z huquq va erkinliklaridan foydalanishda to‘siqlar hali ham uchrab turibdi. Qolaversa, xotin-qizlar orasida o‘z huquqlarini yaxshi bilmaydigan, muntazam qiynoqqa uchragani uchun qo‘rqoq, ojiz, himoyasiz bo‘lib qolganlar ham bor. Ko‘p holatlarda ular sud yoki boshqa organlarga murojaat qilmay, oilaviy zo‘ravonlikka chidab yashab kelmoqda, Yanada achinarlisi, bu zo‘ravonlikka uning voyaga yetmagan farzandlari ham guvoh bo‘lib, ularning yaxshi muhitda tarbiyalanish huquqlari buzilayotir. Bolalarning kelajakka ishonchi yo‘qolyapti, ta’lim olishga bo‘lgan layoqati pasaymoqda, ruhiy holatida keskin muammolar kelib chiqyapti, shu orqali ota-onalik maqomiga putur yetyapti.
Oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar jabrini birinchi galda ayollar tortadi. Bu ko‘plab ayollarning huquqlari toptalishiga, turmush tarzidan qoniqmay, hatto, o‘z joniga qasd qilish darajasigacha borishiga, voyaga yetmagan farzandlarning ona mehridan erta judo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. So‘nggi paytlarda ayollar bilan bog‘liq bir necha ko‘ngilsiz hodisalar ham ro‘y berdi. Bularning barchasi yurtimizda yechilishi lozim bo‘lgan qator o‘tkir muammolar mavjudligini va sohani tartibga soluvchi qonunchilikda ayrim bo‘shliqlar mavjudligini anglatadi.
Shu sababli, davlatimiz rahbari xotin-qizlar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasiga alohida urg‘u berib, ayni chog‘da tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni himoyaga olish tizimini takomillashtirish zarurati borligini bir necha bor qayd etgandi. Mazkur tashabbus barcha davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
S.Isomiddinov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining sudya yordamchisi