So‘nggi pushaymondan foyda bormikin...
Joriy yilning 26-iyul kuni soat taxminan 20:50 da Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasi hududida o‘tuvchi 4R 47 avtomobil yo‘lining 8 km.da mudhish yo‘l-transport hodiasi sodir bo‘ldi. “Neksiya” rusumli avtomashina yo‘lning “Kildon-Bulung‘ur” yo‘nalishida harakatlanib, yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga harakatlanib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Natijada piyoda olgan tan jarohatlari bilan Bulung‘ur tumani Tibbiyot birlashmasiga olib kelingan va shifoxonada vafot etgan...
Ma’lum bo‘lishicha, avtomashina boshqaruvida bo‘lgan yigitning tegishli haydovchilik guvonomasi ham bo‘lmagan. Muddatli harbiy xizmatni ta’momlab, yaqindagina oliy ta’limga o‘qishga qabul qilingan navqiron o‘smir bo‘lgan. Marhumning oilasi, 3 nafar farzandi bo‘lgan...
Ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan mazkur holat mahallada, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Unda bu kabi holatlarga olib keluvchi omillar, uning oldini olish uchun ko‘rilishi lozim bo‘lgan vazifalar, bunda keng jamoatchilikning o‘rni xususida so‘z yuritildi.
- To‘g‘ri, bo‘lgan ishni ortga qaytarib bo‘lmaydi, ammo kelgusida bu kabi holatlar yana takorlanmasligi uchun bugun tegishli xulosa qilishimiz, birgalikda zaruriy choralarni ko‘rishimiz kerak, deya ta’kidladi tuman hokimi S.Astonov.
Muhokama davomida tobora unutilib borilayotgan “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” tamoyiliga amal qilish, yoshlarni e’tiborsiz qoldirmaslik, tegishli hujjatlarsiz, spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda avtomashina boshqarish masalalarida jamoatchilik nazorati o‘rnatish muhimligi qayd etildi.