Lalmikor maydonlardan unumli foydalanishda no‘xatning ahamiyati katta
Shu kunlarda joylarda 2025-yil hosili uchun lalmi maydonlarda no‘xat yetishtirishda ilg‘or agrotexnik tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, mazkur masala yuzasidan Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan “Lalmi maydonlarda no‘xat yetishtirishda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash va mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish” mavzusida ko‘rgazmali o‘quv-seminarda viloyatimizning boshqa hududlaridan ham omilkor fermer va dehqonlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan lalmi sharoitda no‘xat hosildorligini oshirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Jumladan, shudgorlashdan oldin fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar solish, no‘xat urug‘ligini don ekish moslamalari (seyalka) orqali ekish, o‘suv davrida esa azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish hamda bargidan suspenziya usulida qo‘shimcha oziqlantirish kabi agrotexnik tadbirlarning samaradorligi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar tomonidan o‘zlarini qizitirgan savollariga javoblar qaytarilib, Lalmikor dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan “Lalmikor maydonlarda no‘xat yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi.