Kо'chatchilikdan rizq topayotganlar
Qo`ng`irotliklar azaldan dehqonchilik sir-asrorlarini puxta o`zlashtirganligi sabab tumanimiz qishloq xo`jaligi xodimlari orasida o`z o`rni va mavqeyiga ega. 702 xonadon istiqomat qiluvchi mahalla fuqarolarining ko`chatchilikda erishayotgan yutuqlari diqqatga sazovor. Shundandir ba'zilar bu mahallani norasmiy tarzda "Ko`chatchilar mahallasi" deyishadi.
Mahallaning asosiy ekin maydonlari suvli hududlarda joylashgan. Shu sabab bu maydonlarga urug` ekib, yuqori hosil ko`tarish dehqon ahliga qulay. Ammo mo`may daromad olish uchun katta mehnat va tajriba talab etiladi. Bundan tashqari, dehqonchilik har yili bir xil bo`laveradigan kasb emas. Ob-havo va sharoit har xil keladi. Bir yil unday, bir yil bunday. Dono xalqimiz: "Bu kasbda insonning, avvalo, tavakkali, qolaversa, sabri sinaladi", - deb topib aytgan. Sahifamiz qahramonlariga esa ob-havo va sharoit unchalik ta'sir ko`rsatmaydi. Chunki ko`chatlar issiqxonada yetishtiriladi. Talab esa har doim bo`ladi.
- Mahallamizdagi 702 xonadondan 389 tasi tumanimiz va viloyatimizning boshqa hududlariga poliz ekinlari, mevali va mevasiz daraxt ko`chatlarini yetishtirib beradi, - deydi "Qo`ng`irot" mahallasi hokim yordamchisi Jasur Misirov.
Mahallaning oldi ko`chatchilaridan Azimjon akani ko`pchilik tanir ekan. Mahalla faoli bizni shu kishining xonadoniga olib bordi. Xonadon egasining har biri ikki sotix maydonni tashkil etadigan ikkita ko`chatxonasi bor ekan. Sodda, samimiy Azimjon aka salomlashuvdan so`ng issiqxonasiga taklif qildi. Ayni kunlarda ikki quloq bo`lib unib chiqqan ko`chatchalar pomidor ko`chati ekan.
- Qachon tayyor bo`ladi? Qanday ishlov beriladi? - kabi savollarimizga dehqonbobo:
- Qirq kunda tayyor bo`ladi. Ishi qiyinmas, uch marta o`taladi, dorilanadi, kasalliklarga qarshi emlanadi, - deya javob berdi.
Oila boshlig`ining ta'kidlashicha, issiqxonadan yiliga uch marta daromad qilinadi. Qishda ismaloq, bahor oldi pomidor urug`i ekiladi. Yoz oylari bodring yetishtirib sotadi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, yurtimizda yosh dehqonlarga alohida e'tibor qaratilmoqda. Sababi ular ushbu mashaqqatli kasb davomchilari. Ko`plab yoshlar mana shu e'tibor va mehnatlari sabab iqtisodiy barqarorlikka intilishmoqda. Yana bir qahramonimiz Boburjon ham mana shunday e'tibordan unumli foydalanayotgan umidli yoshlardan biri. Endigina 27 yoshni qarshi olgan bo`lsa-da, g`ayrati, mehnati va uddaburonligi bilan ajralib turadi.
- Bolaligim turli daraxt ko`chatlari undirilgan maydonlarda o`tgan, - deb gap boshladi Boburjon. - Dadam ko`chatchi. "Hosilni bor qiladigan dehqonning e'tibori" - deb ko`p aytardi. U kishi dehqonchilik sir-asrorlari haqida ko`p so`zlamagan bo`lsa-da, amalda ko`rsatib berdi. Bugungi kunda men shug`ullanayotgan ko`chatchilik dadam boshlagan faoliyatning kengaytirilgan ko`rinishi, - deya bolaligini yodga oldi suhbatdoshimiz.
Hamsuhbatimiz dehqonchilikning kamxarj, ammo daromadli yo`nalishlaridan birini tanlagan. U daraxt qalamchalarini yerga qadab, ko`chat yetishtiradi. Yetishtirilgan ko`chatlar ko`cha bo`yidagi hovlisi orqasiga olib kelib ko`miladi. Aksariyat xaridorlar shu joydan olib ketadi. Asosan terak, yong`oq, gilos ko`chatlarini yetishtirayotgan ko`chatchi yigit ijaraga joy olib, shu ish bilan shug`ullanadi. Ko`chat narx-navosi esa turli xil. Terak ko`chatlari mayda va yirikligiga qarab ikki xil narxda sotiladi - maydasi 3 ming, uzunlari 5 ming so`m. Gilos 50 ming, yong`oq ko`chatlari har donasi 30 ming so`mdan.
Qo`ng`irotlik dehqonlar zamon bilan hamnafas, olg`a intilayotgan insonlar. Deylik, Azimjon aka umrini yer bilan tillashib o`tkazgan bo`lsa-da, topganini farzandlari ta'limiga tikkan. Bugungi kunda bir o`g`li oliy ma'lumotli vrach, qizi tajribali hamshira, yana bir farzandi TTA talabasi. Boburjon bo`lsa ota kasbini davom ettirganidan g`ururlanib:
- Ko`chatchilikdan qilgan daromadimizdan uy-joyni yangiladik, yangi mashina sotib oldim. Eng muhimi, o`zim topib-tutganimni xarj qilib o`tgan yili uylandim, - deya kuldi.
Yusuf Xos Hojibning "Qutadg`u bilig" asarida o`qigandim: "Uquv qayda bo`lsa, ulug`lik bo`lar. Bilim kimda bo`lsa, buyuklik bo`lar". Dehqonchilikda ham inson uquv va bilimga ega bo`lmasa, daromadga chiqishi qiyin. Buni:"Ko`chatchilikdan o`rta hisobda 10 mln daromad qilish uchun 1 mln, 100 mln foyda ko`rish uchun 10 mln xarajat qilaman", - deya ta'kidlagan Boburjoning so`zlaridan yana bir bor angladim! Axir dehqonchilik ilmiga ega bo`lmasdan turib bunday natijaga chiqib bo`lmaydi.
Malika SUYUNOVA
Azizbek Rajabov (Foto)