Islohotlar inson qadri uchun...
Bugun aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tizimda energiya tejamkor uskunalarni keng joriy qilish orqali ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Bulung‘ur tumani Fozil Yo‘ldosh mahallasi Kaltepa qishlog‘ini toza ichimlik suvi bilan ta’minlab kelayotgan ichimlik suvi inshootida bajarilgan ishlar ham fikrimizga misol bo‘la oladi.
Loyiha qiymati 20 mln. 100 ming so'm bo‘lib, bunda mavjud bo‘lgan 11 kVa. quvvatdagi suv nasosi 7,5 kVa. quvvatdagi yangi suv nasosiga almashtirildi. Shuningdek, suv minorasining yer ostidagi 70 metrlik trubasi yaroqlilik muddati tugaganligi sababli yangisiga almashtirildi.
- Ushbu suv minorasidan 110 ta xo‘jalik suv oladi. So‘nggi vaqtlarda yer osti trubasida teshiklar ham ko‘payib, natijada suv minorasining suvga to‘lishi uchun yanada ko‘proq vaqt hamda elektr sarfiga yo‘l qo‘yilayotgan edi. Endilikda bu boradagi xarajatlarimiz sezilardi darajada kamayadi deydi, “Samarqand suv ta’minot” MChJ Bulung'ur tuman filiali bosh muhandisi Asqar Kuliyev.
Ushbu loyiha amalga oshirilishida viloyat prokuratruasi tashabbus ko‘rsatgan bo‘lib, MIB undiruvlari orqali undirilgan davlat bojidan tushgan mablag‘lar soha rivojiga yo‘naltirilmoqda. Tuman prokurori Ilxom Mustanov hamda tuman Soliq inspeksiyasi rahbari Boburmirzo Isokov hududda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Aholi bilan suhbatda o‘zgarishlar bilan qiziqdilar. Suv inshooti atrofida ham obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish yuzasidan ko'rsatmalar berildi.
- Xonadonimga suv sarfini o‘lchash qurilmasini o‘rnatdim. Ochig‘i bugungacha ichimlik suvi uchun oyiga 84 ming so‘mdan to‘lab kelganman. Endilikda esa suv sarfiga qarab 12-13 ming so‘m atrofida to‘lov qilyapman. Qolaversa bu kabi uskunalar qo‘shnilarimiz tomonidan ham o‘rnatilib, suvning bosimi ancha yaxshilandi, deydi Kaltepa qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Shxriyor Ermatov.
Umuman olganda bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilga asoslanadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, xalqimiz ertani kutib emas, bugunidan rozi bo‘lib yashashlari kerak.