insurez
10-02-2025 18:29

“Humo” istirohat bog‘i yil yakuni bilan ko‘rkam maskanga aylanadi


Ijtimoiy tarmoqlarda Bulung‘ur tumani Bulung‘ur mahallasida joylashgan “Humo” istirohat bog‘idagi kamchiliklar to‘g‘risida tanqidiy maqola e’lon qilindi.

Holat yuzasidan shuni aytish mumkinki, tuman markazida joylashgan mazkur istirohat bog‘i hududida hozirgi kunda 4.2 gektarda “Yashil jamoat parki” tashkil etilgan. Ushbu bog‘da 400 dona olxo‘ri, 40 dona Qirim sasnasi, 110 dona catalpa, 200 dona majvennik, jami 750 dona daraxt ko‘chatlari ekilgan.

Istirohat bog‘ining bo‘sh maydonlarini “Attraksion” faoliyatini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi “Davlat mulki obyektlaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5666-sonli farmoniga asosan “E-Auksion” elektron savdo maydonchasiga 11 ta lot joylashtirilgan.

Shuningdek, bog‘ hududidan tuman hokimligi tashabbusi bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘lari hisobidan zamonaviy barcha qulaylik va shart-sharoitlarga ega Axborot-kutubxona markaziga yangi bino qurilish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, mazkur yangi bino 2025-yil 3–choragida qurilishi yakunlanib foydalanishga topshirilishi belgilangan.

Biroq, qayd etish kerakki, ishlar shu bilan yakuniga yetgani yo‘q:. Xususan, “Bulung‘ur tumanida yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi ijtimoiy va infratuzilma loyihalari uchun 2025-yilda davlat byudjetida nazarda tutilgan mablag‘larni sarflanishi bo‘yicha manzilli dastur” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, hududda joylashgan "Xumo" yoshlar sayilgohini kengaytirish va zarur infratuzilma bilan ta’minlash hamda mazkur saylgohga tutash bo‘lgan Bulung‘ur tumanidagi Bolalar o‘smirlar sport maktabida qulayliklar ko‘lamini oshirish bo‘yicha master reja ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jami 10 mlrd. 840 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida 1 ta TP o‘rnatish, 2 km. piyodalar yo‘lagi qurish, 600 metr lotoklar o‘rnatish, 100 dona o‘rindiqlar, 80 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, 1 dona artezian qudug‘i qazish, 2 km. tarmoq tortish, sport zalini rekonstruksiya qilish, yugurish yo‘lagini ta’mirlash, tomoshabinlar o‘tirishi mo‘ljallangan o‘rindiqlarning orqa tomonidan oqib o‘tgan kanalning 820 metr qismini betonlashtirish kabi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Albatta, rejalashtirilgan ushbu ishlar yakuniga yetishi bilan bog‘ hududi aholi hordiq chiqarishi uchun ko‘rkam, so‘lim maskanlaridan biriga aylanishiga ishonamiz. Shu o‘rinda, tadbirkorlarni ham mazkur hududda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga chorlab qolamiz.

Teglar
- -