Farmontepa qishlog‘idagi masalalar mas’ullar e’tiborida
“Samarqand” telekanali orqali efirga uzatilgan “Murojaat va ijro” ko‘rsatuvida Bulung‘ur tumani “Xo‘jamazgil” MFY Farmontepa qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro J.Nomozovning murojaati o‘rganilgan. Unda mahallada elektr simlar tortilmagani, DMTT binosi mavjud emasligi bildirilgan.
Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda Farmontepa qishlog‘idagi 80 ta xo‘jalik uchun 5 ta transformator punkti ajratilgan. Albatta, bu me’yordan ortiq ekanligi kunday ravshan masala. Yuqoridagi transformatorlar ham “Obod mahalla”, “Obod qishloq” davlat Dasturlari doirasida, shuning J.Nomozov kabi mahalla fuqarolarining murojaatlarini ijobiy hal etish maqsadida ajratilgan. Xususan, otaxonning murojaatlari asosida 1 ta 160 kVA. quvvatdagi transformator hamda 21 ta temir-beton ustunlar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ajratilgan bo‘lib, transformator aynan J.Nomozovning uyi yoniga o‘rnatilgan. Hozirda ishlarni yakunlash uchun zaruriy vositalarga qariyb 20 million so‘mga yaqin sarf-xarajatlar kutilayotganligi hisobi olingan bo‘lib, ishlar mahalliy budjet mablag‘lari doirasida, navbat asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, bugungi kunda mahallada 3-7 yoshli bolalar 367 nafarni tashkil etadi. Hozirda mahallada 5 ta uy bog‘chasi mavjud bo‘lib, 190 nafar (52 foiz) 3-7 yoshli bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Mahallada DMTT qurish yuzasidan “Investitsiya” davlat Dasturiga taklif kiritilgan bo'lib, bu haqda mahalla fuqarolariga ham ma'lumot berilgan.