insurez
24-08-2024 09:43

Energotejamkor qurilmalar: ularning iqtisodiy foydasi haqida bilasizmi?


Bulung‘ur tumanida "Elektr energiyasini iqtisod qilish va qayta tiklanuvchi elektr manbalarini joriy qilish" mavzusida o‘tkazilgan o‘quv-seminar mashg‘ulotida mavzu yuzasidan atrofilicha ma’lumotlar berildi.

 

Prezidentning 2024-yil 14-iyundagi "Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda sektor rahbalari, soha mas’ullari, tumanimizdagi yirik iste’molchilar vakillari, tadbirkorlar va fuqarolar ishtirok etishdi.

 

Unda soha mas’ullari tomonidan bugun energotejamkor qurilmalarni keng joriy etishni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, berilayotgan imtiyozlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, mazkur uskunalarni katta hamjda o‘rnatgan va o‘z hayotiy tajribasidan o‘tkazgan yirik tadbirkorlar so‘z olib, uning iqtisodiy foydasi xususidagi fikrlari bilan bo‘lishdilar. Misol uchun, seminar davomida aytilganidek, tumandagi “Yelkan” ko‘p tarmoqli korxonasi o‘tgan 2023-yilda 50 kVa quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatgan bo‘lsa, uning iqtisodiy samarasi anglagan holda bu yil yana 140 kVa quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatgan. Ortiqcha elektr energiyasini tuman elektr ta’minoti korxonasiga sotish natijasida bugungi kunda korxona hisobida 74 mln. so‘m oldindan to‘lov shakllanib ulgurdi.

 

Bundan tashqari, 1-oktyabrdan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq, energiya auditini o‘tkazmagan va audit takliflariga muvofiq chora-tadbirlarni belgilangan muddatda bajarmagan yirik iste’molchilarga nisbatan elektr energiyasi va tabiiy gaz tarifi 1,5 baravar miqdorda o‘suvchi koeffitsientda hisoblanadi. Yuridik iste’molchilarga tasarrufidagi eski elektr qurilmalarini yangi energotejamkoriga almashtirish natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmiga uch yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15 foiz chegirma beriladi.

 

Shuningdek, tadbir davomida ta’kidlanganidek, birgina tabiiy gaz iste’molida 35 foiz iste’molchilar ortiqcha sarfga yo‘l qo‘ymoqda. Buning sabablari o‘rganilganda aksariyat holda ular qo‘lbola yoki yaroqlilik muddati tugagan gaz qurilmalaridan foydalanayotgani aniqlangan. Ayni vaqtda joylarda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, ob’ektlarga energotejamkor qurilmalar o‘rnatilishiga erishilmoqda.

 

Tadbir doirasida quyosh panellari, geliokollektor va energotejamkor boshqa qurilmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda ishtirokchilar mutaxassislar bilan muloqot qilib, “yashil energiya”ga o‘tishning afzalliklari, qilinadigan xarajat va uning qoplanish vaqti haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar
- -