“Diyor” o‘yingohidagi kamchiliklardan xabarimiz ham, rejalarimiz ham bor
Ijtimoiy tarmoqlarda Bulung‘ur tumanidagi “Diyor” o‘yingohi 10 yildan buyon ta’mirlanmayotganligi ta’kidlangan maqola e’lon qilindi.
Holat yuzasidan shuni ma’lum qilish mumkinki, tumanning Bulung‘ur mahallasida joylashgan "Diyor" o‘yingohining bugungi holatidan tuman hokimligining, mas’ul tashkilotlarning xabari bor va mazkur hududda sportchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, 2023-yil so‘nggi bilan qiymati 3 mlrd. so‘m bo‘lgan loyiha doirasida yangi bino, mini-stadion va badminton maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Binoda 18 ga 30 metr o‘lchamdagi sport zal, kiyim almashtirish, yuvinish xonalari, rahbar va texnik xodimlar uchun alohida xonalar mavjud bo‘lib, bino atrofida Work-out maydonchasi, katta va kichik sport maydonlari, suzish havzasi joylashgan hamda sport shinavandalari uchun yaxlit kompleks shakllantirilgan.
Biroq, qayd etish kerakki, ishlar shu bilan yakuniga yetgani yo‘q: hal qilinajak masalalar bor. Bu borada ham zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, “Bulung‘ur tumanida yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi ijtimoiy va infratuzilma loyihalari uchun 2025-yilda davlat byudjetida nazarda tutilgan mablag‘larni sarflanishi bo‘yicha manzilli dastur” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, hududda joylashgan "Xumo" yoshlar sayilgohini kengaytirish va zarur infratuzilma bilan ta’minlash hamda mazkur saylgohga tutash bo‘lgan Bolalar o‘smirlar sport maktabida qulayliklar ko‘lamini oshirish bo‘yicha master reja ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jami 10 mlrd. 840 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Mazkur loyiha doirasida 1 ta TP o‘rnatish, 2 km. piyodalar yo‘lagi qurish, 600 metr lotoklar o‘rnatish, 100 dona o‘rindiqlar, 80 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, 1 dona artezian qudug‘i qazish, 2 km. tarmoq tortish, sport zalini rekonstruksiya qilish, yugurish yo‘lagini ta’mirlash, tomoshabinlar o‘tirishi mo‘ljallangan o‘rindiqlarning orqa tomonidan oqib o‘tgan kanalning 820 metr qismini betonlashtirish kabi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2026-yilda sport maktabi balansidagi “Diyor” futbol o‘yingohi tribunasi hamda "Qo‘ng‘irot" MFYda joylashgan sport majmuasini mukammal ta’mirlash ishlari uchun “2026-2027-yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi”ga taklif berilgan bo‘lib, loyiha amalga oshirilishi uchun 2 mlrd. 577 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda tuman hokimligi Axborot xizmati barcha OAV vakillari uchun hamkorlikka tayyor ekanligini yana bir bor eslatib o‘tadi.
Bulung‘ur tumani hokimligi Axborot xizmati