insurez
28-09-2024 12:32

Bulung‘ur tumani Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi


Bulung‘ur tumani hokimi, Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi raisi S.Astonov raisligida o‘tgan yig‘ilishda tuman hokimining o‘rinbosarlari, tuman Ma’naviyat va ma’rifat kengashi a’zolari, tegishli korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Kun tartibida 2024-yilning oʻtgan davri davomida tumanda Ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilgan tashkiliy-amaliy ishlar tahlil qilindi.

Xususan, dastlab kun tartibidagi masala yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari, Kengash mas’ul kotibi A.Turayevning ma’lumoti tinglandi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda tumanimizda mazkur sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, olib borilgan o‘rganishlar natijasida sohada bir qancha kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.

Jumladan, tuman Soliq inspeksiyasida “Ma’naviyat xona”si mavjud bo‘lsa-da, talab darajasida jihozlanmagan. Kutubxona burchagi tashkil etilgan, biroq kitoblar, gazeta va jurnallar bilan boyitilmagan. 2024-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xarita”si ijrosi yuzasidan ish hujjatlari shakllantirilmagan.

Tuman Elektr ta’minoti korxonasi, “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ tuman filiallarida “Ma’naviyat xona”si mavjud emas. “Ma’rifat soati” o‘tkazilayotgan bo‘lsada hujjatlar rasmiylashtirilmagan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi badiiy adabiyotlar va davriy nashrlar burchagi tashkil etilmagan. 2024-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xarita”si ijrosi yuzasidan ish hujjatlari shakllantirilmagan.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi, O‘zbekiston “Mahallalar” uyushmasi tuman boʻlimi, tuman Veterinariya bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasi, tuman Telekommunikatsiya bog‘lanmasi, tuman Pochta bo‘limi, tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi, “Toza hudud” davlat unitar korxonalarida “Ma’naviyat xona”lari nomiga tashkil etilgan, biroq talab darajasida jihozlanmagan. “Ma’rifat soati” o‘tkazilayotgan bo‘lsada, hujjatlar rasmiylashtirilmagan, 2024-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xarita”si ijrosi yuzasidan ish hujjatlari shakllantirilmagan.

Shundan so‘ng, kun tartibida ko‘rilgan masala yuzasidan kengash a’zolarining fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kelgusi vazifalar belgilab olindi. Xususan, 10 kun muddatda o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib, tuman Ma’naviyat va ma’rifat Kengashiga axborot kiritish, tumandagi tashkilotlarda haftaning har juma kuni “Siyosiy-ma’rifat soatlari” o‘tkazilishini tizimli yo‘lga qo‘yish, joylarda “Mahallalarda kino” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda filmlar namoyish etilishini tashkil etish va boshqa vazifalar belgilandi.

 

 

 

Teglar
- -