AHOLI TOMORQASINING AFZALLIKLARI
Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, tomorqadan mo'l-ko'l hosil olish va shu orqali moddiy manfaatdorlik oshishi xalqimizga yangilik emas. Tomorqa orqasidan uy qurayotgan, to'y qilayotgan, mashina xarid qilayotganlar tumanimizda ham anchagina. Lekin haligacha dangasaligi, befarqligi tufayli bu muhim ishni vaqtida bajarmayotgan loqayd yurganlar ham bor. O'shalar o'z oilasi va farzandlarini nochor ahvolga solib qo'ymoqda. Chunki oila daromadiga katta hissa qo'shishi mumkin bo'lgan sharoitdan chetda qolishi mumkin.
Yerdan unumli foydalanmay yerning ham, o'zining umrini ham bekorga o'tkazib kelayotgan xonadon egalari xalqimizning: "Nimani xor qilsang o'shanga zor bo'lasan", - degan hikmatli gaplarini yo bilishmaydi yoki unga amal qilishmaydi.
Aholi tomorqasidan samarali foydalanish orqali xonadon egalari bugungi kunda 6 ta muhim muammoga yechim topishi mumkinligini eslatib o'tmoqchimiz:
1.Oilaviy janjallarning oldi olinadi. Yaxshi bilamizki, oilaviy janjallarga ko'pincha oddiy ovqat sabab bo'ladi. Ya'ni er ko'chadan charchab kelib, qozonni kavlaydi. Qozonda sho'rva ichida na kartoshka, na sabzi bor. "Bugun ham sho'rvami? Boshqa ovqat qilsang bo'lmaydimi?", - deb xotiniga do'q uradi. Xotini ham o'z o'rniga "Mahsulot bo'lmasa, qozonga nima solaman, tomorqaga ekin eking desam, qilmadingiz, yana men aybdormanmi", - deydi. Oqibatda er-xotin o'rtasida janjal chiqadi. Agar vaqtida tomorqasiga hech bo'lmasa, sabzavot ekinlarini ekkanida oilaviy janjallarning oldi olinar edi.
2.Aholi tomorqasini samarali tashkil etish bugungi kunda yoshlar o'rtasida ko'plab uchrayotgan bezorilik bilan bog'liq jinoyatlarning oldini olishda muhim rol o'ynaydi. Mayda bezorilik mahallaning bekorchi bolalaridan chiqadi. Do'konlar atrofida o'tirib olib karta o'ynashadi, ichimlik sotib olishga puli yo'q. Yo'ldan o'tgan o'zi tengi bolalardan pul so'raydi. Janjal chiqaradi va jinoyat sodir etadi. Agar mahalla bolalari uyida shaxsiy tomorqalarida ishlaganda edi, ko'chaga chiqishga vaqti bo'lmas edi. Foydali mehnat bilan shug'ullanib, oilasiga foydasi tekkan bo'lar edi.
3.Aholi tomorqasida ishlaganlarga mehnat staji yozilib, vaqtida nafaqaga chiqish imkoniyati paydo bo'ladi. Buning uchun tomorqa egasi Davlat xizmatlari idorasiga borib, o'zining xususiy tomorqasida mehnat bilan band ekanligi to'g'risida ariza bilan murojaat qiladi. Tomorqa egasiga bir yillik mehnat staji beriladi. Har yili bir marta shu tartibda ro'yxatdan o'tish hech bir muammosiz yoshga doir nafaqaga chiqish imkonini beradi.
4.Hammamizga ma'lumki, qish fasli tugab, bahor boshlanishi paytida farzandlarimiz orasida gripp kasalligi ko'payadi. Bu ko'proq farzandlarimiz immuniteti bilan bog'liq kasallik hisoblanadi. Albatta, qish faslida barra sabzavot va mevalarni farzandlarimiz kam iste'mol qilishadi. Aholi tomorqasi farzandlarimiz sog'lom bo'lishiga kafolat beradi. Xonadon tomorqasida yetishtirilgan barra mahsulotlarni, eng avval, farzandlarimiz iste'mol qilishadi. Bu esa o'z o'rnida farzandlarimiz immunitetini ko'taradi, immuniteti yuqori bo'lgan bolalar huda-behudaga kasallikka chalinmaydi.
5.Aholi tomorqasi xonadonning moddiy boyligini oshiradi. Tomorqadan mo'l hosil olgan xonadon egasi ortiqcha mahsulotlarini bozorga chiqarib sotish orqali mablag' orttiradi. Oilasi orzu-havaslarini amalga oshiradi. Qolaversa, ana shunday yuzlab tomorqachilarning ortiqcha mahsulotlari bozorga chiqishi bilan bozordagi mahsulotlar narxi ko'tarilmaydi. Bu esa o'z o'rnida mamlakatimiz oziq-ovqat dasturini amalga oshirishda katta xizmat bo'ladi.
Azal-azaldan xalqimiz xonadonlari uchun bir parcha yer qadrli hisoblangan. Chunki nafaqat oila daromadiga daromad qo'shadi, balki el-yurt farovonligini ta'minlashda ham muhim omil hisoblanadi. Ayni shu jihatdan ham bugun har bir tumanimiz xonadonlari bu muhim ishni vaqtida bajarishlari zarur. Aks holda ertaga ham daromaddan mahrum bo'lib, ham oila a'zolari malomatiga sababchi bo'lib qolishi mumkin. Qolaversa, aholi tomorqasidan samarali foydalanmaslik, tomorqasini qarovsiz qoldirgan xonadon egalari uch karra yuqori soliq to'laydi. Aholi tomorqasi va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish bo'yicha hokim yordamchisi tomonidan har chorakda o'rganish olib boriladi.
O'rganish davomida xonadondagi tomorqa va ijara yerlarida ekin ekilmagan va qarovsiz qoldirilgan bo'lsa, quyidagi choralar qo'llaniladi:
1.Imtiyozli kreditlar ajratilmaydi.
2.Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun yordamlar (moddiy yordam yoki bola puli kabi) to'xtatiladi.
3.Yer solig'i uch karra yuqori miqdorida hisoblanadi.
G'ulom O'ROLOV
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi