insurez
07-03-2025 17:43

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan Bulung‘ur tumani hokimi Astonov Samandar Mustafokulovichning bayram tabrigi


Assalomu alaykum,

Aziz va muhtarama ayollar, onaxonlar va opa-singillar!

Avvalo, barchangizni bugungi shukuhli kunlar - Muborak Ramazon oyi hamda bahorning ilk bayrami, 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz.

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

 

Aziz va muhtarama opa-singillar!

Bugun yurtimizda ayollarga e’tibor har qachongidan ham o‘zgacha ekanligi hech kimga sir emas. Zero, hurmatli yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning "Xotin-qizlar va oila masalasi — bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi" — degan so‘zlari jamiyatimizda ayollarga bo‘lgan madaniyatli munosabat, ularni qadrlash, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zimmamizga yuklatilgan yuksak vazifa deb hisoblayman.

 

Hurmatli opa-singillar!

Bugun azaldan momolarimiz orzu qilgan davr keldi, desam xato qilmagan bo‘laman. Chunki xotin-qizlarimiz jamiyatimizning haqiqiy a’zolariga aylandi, saylash va saylanish, ilm olish, kasb egallash, mehnat qilish huquqlaridan foydalanmoqda. Gender tenglik amalda to‘liq vujudga keldi.

Tumanimiz miqyosida ham 9 nafar ayol deputatlar faoliyat ko‘rsatayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim. Ulardan 1 nafari xalq deputatlari viloyat Kengashining deputatidir.

Tumanimizdagi 33 ta mahallalarda opa-singillarimizning muammolari, dard-u tashvishlari bilan doimiy shug‘ullanadigan adolatli va samarali tizim, xotin-qizlar faollari faoliyat yuritib kelmoqda.

Ayni paytda tumanimizda boshqaruv organlari tarkibida 156 nafar ayol rahbarlar mehnat qilib kelmoqda. Ham oila, ham lavozim yukini birdek ko‘tarayotgan ayollar safi yil sayin kengayib bormoqda.

Qishning izg‘irinli sovuqlari, yozning jazirama issig‘iga dosh berib, tuproqdan oltin yaratayotgan, el dasturxoniga baraka qo‘shayotgan dehqon, fermer xo‘jaliklarining 26 tasini xotin-qizlar boshqarayotganligi ham e’tirofga sazovordir.

Shuningdek, ayni baryam kunlarida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni bilan Bulung‘ur tumani hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Mamadiyarova Nasibali Ablakulovnaning "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlanganligi tumanimizda jamiyat rivoji yo‘lida o‘zining beminnat hissasini qo‘shib kelayotgan xotin-qizlarimiz uchun ham quvonchli bir yutuq bo‘ldi, deb o‘ylayman.

 

Qadrli opa-singillar, muhtarama ayollar, hurmatli onaxonlar!

Fursatdan foydalanib, butun tumanimiz xotin-qizlariga murojaat qilmoqchiman!

Xalqimizda “Ayol baxti bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi”, degan naql bor. Shunga ko‘ra, yurtimizda sizning baxtingiz uchun bugun barcha imkoniyatlar va imtiyozlarning huquqiy asosi yaratilmoqda. Sizlarning bu imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalangan holda, kelajak sari dadil qadam tashlashingizni istaymiz. Harakat qiling, intiling, o‘qing, izlaning! Muhimi, oldingizga qo‘ygan maqsadingizdan hech qachon ortga chekinmang. Bu yo‘lda biz, davlat boshqaruvi idoralari sizga ko‘mak berishga doim tayyormiz.

Barchangizni bugungi nafosat va go‘zallik bayrami munosabati bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Ayollik baxti, bekalik taxti, onalik martabasi Sizlarga hamisha hamroh bo‘lsin. Iqbolingiz baland, umringiz uzoq, rizqu nasibangiz ziyoda bo‘lsin!

 

Hamisha sog‘-omon bo‘lingizlar!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Teglar
- -