insurez
28-02-2025 11:15

2022-YIL "E-AUKSION"DA QATNASHGANLARGA NEGA SOLIQDAN QARZDORLIK CHIQMOQDA


Qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlardan unumli foydalanish, aholi bandligini ta'minlash maqsadida fermerlar tomonidan davlat zaxirasiga o`tkazilgan yerlar "E-auksion" orqali sotuvga chiqarilmoqda. Bu jarayon 2022-yilda boshlangan edi. O`sha yili asosan "Ayollar daftari" hamda "Yoshlar daftari"da turgan ko`pchilik fuqarolar "E-auksion"da qatnashib, yer uchastkasi yutgan va 10 yil foydalanish huquqini beradigan shartoma imzolagan.

Biz 2022-yil "E-auksion"da qatnashib, 30 sotix yer yutgan, tuman hokimligi bilan yerdan foydalanish to`g`risidagi shartnomani imzolagan, ammo ijaraga olingan yer toshloq bo`lganligi sababli ikki yil hosil ololmay, 2024-yilning 12-mart sanasida yer uchastkasi olinganligi haqidagi shartnomani notarial idora orqali bekor qildirgan fuqaro Tajiboyeva Baxtigulning tahririyatimizga yo`llagan murojati bo`yicha tuman Davlat soliq inspeksiyasi Soliq ma'murchiligi sho`basi boshlig`i Anvar BAHRIDDINOVdan ayrim ma'lumotlarni oldik.

 

MUXBIR: - Shu kunlarda 2022-yil "E-auksion"da qatnashgan ko`pchilik fuqarolarga soliqdan qarzdorlik chiqmoqda. Ammo ular orasida yer olgani ham, olmagani ham, yer olsada, keyinchalik shartnomani bekor qildirganlari ham bor. Soliq esa barchaga barobar chiqmoqda. Shu bois aholida ayrim tushunmovchiliklar kelib chiqyapti. Mana shu tushunmovchiliklarga sabab bo`layotgan soliq nimaning solig`i, aniqlashtirib o`tsangiz?

Anvar BAHRIDDINOV: - Yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida qilingan bu loyiha 2022-yil boshlangan edi. Fermerlar tasarrufidagi yer maydonining ma'lum bir qismini ariza berish orqali notariusga tasdiqlatib, davlat zaxirasiga o`tkazgan.  Ushbu zaxiraga o`tgan maydonlar "E-auksion"ga lot ko`rinishida chiqarilgan. Mahalla yoshlari esa "Yoshlar yetakchisi" yordamida "E-auksion"da qatnashtirilgan. Onlayn auksionda o`ynash uchun esa elektron raqamli imzosidan YATT ochirgan. Ularning orasida yer yutib ishlatgan, yutib ishlatolmagan, umuman yutmaganlar ham bor. Bugungi kunga kelib har uchala holatdagi fuqarolar YATT ochirgani uchun ijtimoiy soliqqa tortilmoqda. Qaysi yilda turgan bo`lsa, o`sha yil hisobida ularga o`rtacha bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari ijtimoiy soliq hisoblanadi. Ana shu ijtimoiy soliqning 2022, 2023, 2024-yildagi summasini qo`shib hisoblasangiz 1 mln so`mdan oshadi. Umumiy qilib tushuntiradigan bo`lsak, aholi topshirilgan yer uchun emas, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ochirib, qayta yopmagani uchun soliqqa tortilmoqda.

   M: - Auksionda qatnashgan tumandoshlarimizning ayrimlari qarzdorlik bo`yicha ogohlantirilmoqda. Ba'zilar esa bexabar. Buning sababini qanday izohlaysiz?

  A.B: - Auksionda yutib olingan yerdan foydalanish bo`yicha tuman hokimligi bilan shartnoma tuziladi. YATTni ochgandan so`ng esa har oyda bazaviy hisoblash bo`yicha soliq chiqadi. Ammo biz soliq kodeksining 125-moddasiga asosan jismoniy shaxslar qarzdorligi 1 mln so`mdan oshsa sudga oshirishimiz mumkin. Chunki kodeks talabidan chiqolmaymiz.  Ko`pchilikning "nega oldingi yillarda e'tiroz bildirmagansizlar", - degan savoliga javobimiz shu. Lekin yer bo`yicha tuzilgan shartnomani bekor qilgan yoshlar YATTni yoptirganda soliq chiqmas edi.

  M: - Odamlarga mavhum bo`lgan soliqlarni keltirib chiqarayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini bekor qilish tartibini tushuntirib o`tsangiz?

A.B: - Jismoniy shaxslar YATT sifatida ro`yxatdan o`tgan kunidan boshlab ijtimoiy soliq chiqa boshlaydi. Bu har yili to`lanadigan majburiy to`lovga o`xshagan narsa.  Uni bekor qilish uchun ayni holatda ijtimoiy soliqni to`liq to`lab, qarzdorlik tugatilganligi haqida ma'lumotnoma olib, elektron kalit yordamida YATTni bekor qildiradi. Sababi "E-auksion" o`ynash ikkita qarama-qarshi holatni keltirib chiqargan. Bir tomondan yerni olib qayta topshirgan, balki umuman yer chiqmagan. Ammo yer munosabatlari tugatilgan bilan YATT munosabatlari tugatilmagan. Shuning uchun yakka tartibdagi tadbirkorlik guvohnomasini olgan, lekin yerdan foydalanmayotgan har bir fuqaroni e'tiborsizlik qilmasdan, o`z vaqtida tadbirkorlik faoliyatini yoptirishlarini so`raymiz.

Hurmatli tumanimiz ahli! "E-auksion"da qatnashish uchun YATT guvohnomasini olgan bo`lsangiz, soliq undirilishi bo`yicha soliqdan yoki MIBdan vakil borishini kutmay, YATT faoliyatingizni tekshirib ko`ring!

 

Malika SUYUNOVA,

"Bulung`ur hayoti"ning muxbiri.

“Bulung‘ur hayoti” gazetasining 2025-yil 20-fevraldagi 5-sonidan olindi.

Teglar
- -