Obod bo‘layotgan manzillar, murojaatlar tahlili: navbatdagi sessiya tafsilotlari

Xalq deputatlari Bulung‘ur tuman Kengashining navbatdagi sakson uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kengash kotibiyati mudiri A.Shokirov raisligida o‘tgan sessiya ishida tuman kengashi deptatlari, kun tartibidagi masalalarga aloqador hokim o‘rinbosarlari, tashkilot va muassasa rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

 

Sessiya kun tartibida 6 ta masala ko‘rib chiqildi. Xususan, birinchi masalaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Kengashining 2022-yil 8-noyabrdagi “Mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilangan loyihalar ijrosini nazorat qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi KQ-423-IV-sonli qarorining tumandagi ijrosi to‘g‘risida tuman hokimining o‘rinbosari N.Sanaqulovning hisoboti tinglandi.

Hokim o‘rinbosari tomonidan ma’lum qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-408-sonli qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 29 ta obyektlarda qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jumladan,

- 9 ta ichki yo‘l (9 mlrd 412 mln so‘m).

- 3 ta ichimlik suvi (3 mlrd 590 mln so‘m).

 - 6 ta elektr tarmoqlarini qurilish va ta’mirlash (1 mlrd 729 mln mln so‘m).

- 11 ta boshqa obyektlar (3 mlrd 991 mln so‘m).

 

Loyiha doirasida tumanning Beshqo‘ton, Kildon, Navbahor, Mingchinor, Yangiqo‘rg‘on, Esonturdi, Mehrjon, Guliston, Sarqipchoq mahallalari hududida jami 18 km. 509 m. ichki yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari to‘liq bajarildi.

Shuningdek, Changal-1 mahallasida 1 ta, Mirzaariq mahallasi hududiga 1 ta, Qo‘ng‘irot mahallasi hududiga 2 ta yangi suv inshooti qurish hamda jami 12 km. tarmoq tortish ishlari belgilangan bo‘lib, jarayon davom etmoqda.

Tumanning Oqtosh, Beshkuvi, Erganakli, Avliyo Parpi, G‘o‘bdin, Gulzor mahallalari hududiga 1 ta yangi TP o‘rantish, 3 tasini ta’mirlash, 888 ta sim yog‘ochlarni temir beton ustunlarga almashtirish belgilangan bo‘lib, amalda hozirgi kunda 476 dona temir beton ustunlar olib kelinib o‘rnatildi. Ushbu o‘rnatilgan temir biton ustunlarga sip (yopiq) kabellar o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, dastur doirasida tabiiy gaz, oqova suv tarmog‘i, mahalla binosi, piyodalar yo‘lagi qurish, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Sessiya kun tartibidagi ikkinchi masalaga ko‘ra, 2022-yil 1-chorak davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati, aholi muammolarini aniqlash va hal etish, hududdagi aholi kayfiyati to‘g‘risida tuman Xalq qabulxonasi mudirining axboroti eshitildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 1-choragida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bulung‘ur tumanidagi Xalq qabulxonasiga jami 37 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 taga kamaygan. Ulardan 11 tasi ijobiy yechimini topgan, 5 tasiga tushuntirish berilgan,11 tasi huquqiy maslahat berish orqali hal etilgan, 10 tasi o‘rganish uchun nazoratda qolgan.

  Joriy yilda Xalq qabulxonasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonuni talablarini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan tuman prokuraturasiga 3 marotaba taqdimnomalar kiritilgan, 1 nafar shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Sektor rahbarlari tomonidan 2023 yilning 1-choragida jami 38 ta ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilib, ularda fuqarolardan 242 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan 111 tasi joyida qanoatlantirilgan, 67 ta masaladagi murojaat egalariga asosli tushuntirish berilgan, 64 tasi o‘rganish jarayonida.

Shuningdek sessiya davomida Bolalar masalalari bo‘yicha tuman komissiyasining 2022-yil 1-chorak davomida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida komissiyasi kotibi B.Xasanovning axboroti tinglandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkazuvchi tumandagi uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etish, tuman “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish, tuman hududida “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tuman “Yo‘l xarita”si va “Yoshlar bandlik dasturi”ning muhokamasi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Sessiyada Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanining Yoshlar bandligini ta’minlash dasturi tasdiqlandi.  Unga ko‘ra, quyidagi ko‘rsatkichlar belgilandi:

- Dastur orqali qamrab olinadigan jami yoshlar soni - 662 nafar

- “Yoshlar daftari” orqali subsidiya ajratiladigan yoshlar soni - 15 nafar

- Bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish orqali bandligi ta’minlanadigan yoshlar soni - 125 nafar

- E-auksion tizimi orqali yer olib bandligi ta’minlanadigan yoshlar soni - 113 nafar

- Ikkilamchi shartnoma asosida yer olib berish orqali bandligi ta’minlanadigan yoshlar soni – 149 nafar

- Tijorat banklaridan kredit ajratish orqali bandligi ta’minlanadigan yoshlar soni - 106 nafar

- Tumandagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirish orqali bandligi ta’minlanadigan yoshlar soni - 121 nafar

-Haydovchilik kurslari va kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligi ta’minlanadigan yoshlar soni - 33 nafar.

 

Sessiya davomida ko‘rilgan masalalar deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM