Subsidiyalar ajratishga doir arizalar 1-maydan qabul qilinadi

Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 13-apreldagi “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning amaldagi tartibiga oʻzgartirishlar kiritildi.

Xususan, 2023-yil 1-maydan banklarga rasmiy daromadga ega boʻlmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning toʻlov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga ruxsat berildi. Jumladan, qarz oluvchining bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal hamda qonunchilik hujjatlarida man etilmagan boshqa xarajatlarni inobatga olish tizimi qoʻllaniladi. Banklarga qarz oluvchi tomonidan toʻlangan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati, boshqa shu koʻrsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari boʻyicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini qoʻllash huquqi beriladi. Professional taʼlim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalariga doir maxsus fanlar boʻyicha dars berayotgan yoki oʻquv amaliyotini oʻtayotgan oʻqituvchilari, ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy qilinadi.

Uy-joy sotib olish, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari boʻyicha berilgan subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oydan iborat boʻladi. 2023-yil uchun subsidiyalar ajratishga doir arizalar 1-maydan 1-dekabrgacha qabul qilinadi. Xususan, Bulung‘ur tuman davlat xizmatlari markazida arizalarni qabul qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

 

Siyovush GʻANIYEV,

Bulung‘ur tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi direktori

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM