Dehqon xo‘jaligi yerlarini ijaraga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlar qoidasiga o‘zgartirish kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-aprelda «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarasiga doir huquqiy munosabatlar takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida» 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:  

– tanlovlarda faqat yer uchastkasi joylashgan hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar kesimida) doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan holda yashovchi shaxslar qatnasha oladi va talabgorlarga tuman bo‘yicha qo‘shimcha koeffitsient hisoblanadi;  

– tanlov g‘olibi qo‘shimcha to‘lov majburiyatini qabul qilsa, ushbu to‘lov majburiyatining 5 foizini ijara shartnomasi tuzilgunga qadar to‘lashi talab etiladi (to‘lov operatorning maxsus hisob varag‘iga shaxsiy kabinet orqali to‘lanadi);  

– qo‘shimcha to‘lovning qolgan qismi ijara muddatida, har bir yilga teng bo‘lgan holda (15-aprel va 15-oktabrga qadar teng ulushda) to‘lanadi; 

– qo‘shimcha to‘lovning 5 foizini to‘lamagan yoki shartnoma imzolashni rad etgan g‘olib hamda uning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sischilari hisoblangan shaxslar savdo qoidalarini buzgan deb e’tirof etiladi va birinchi marta sodir etilganda 1 yil muddatga, ikkinchi marta takrorlanganda esa muddatsiz davrga tanlovlardan chetlatiladi.  

– tanlovda qatnashish uchun ariza yuborish hamda ijara shartnomasini imzolashda maxsus identifikatsiyalashdan foydalanish imkoniyati yaratiladi;  

– g‘olib to‘lagan qo‘shimcha to‘lovning 5 foizi tegishli tuman (shahar) mahalliy budjetiga o‘tkazib beriladi va bu summa ijara shartnomasidagi qo‘shimcha majburiyat to‘lovida inobatga olinadi.  

Dehqon xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda:  

– yer uchastkalarini elektron tanlovda ijaraga olishda to‘lanishi zarur bo‘lgan qo‘shimcha to‘lovlarning eng yuqori chegarasi belgilandi (eng yuqori ball 36 ball);  

– dehqon xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatidan kelib chiqib ijaraga olish muddatiga hisoblanadigan qo‘shimcha to‘lov stavkalari belgilandi;  

– 1 barobariga teng - 10 ball  

– 2 barobariga teng - 20 ball  

– 3 barobariga teng - 30 ball  

– 4 barobariga teng - 36 ball  

– ishsiz oila a’zolari soni haqidagi ma’lumot mahalladagi hokim yordamchisi tomonidan kiritiladi;  

– talabgorning agrar sohadagi oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumoti uchun avtomatlashtirilgan tartibda ball beriladi.  

Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarni yuridik shaxslarga ijaraga berishda:  

– qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olish uchun tanlovda g‘olib bo‘lish uchun ixtiyoriy ravishda olinadigan qo‘shimcha to‘lovlar:

chorvachilikdan boshqa yo‘nalishlar uchun  

 – 1 barobariga teng - 18 ball  

– 2 barobariga teng - 38 ball  

– 3 barobariga teng - 58 ball  

– 4 barobariga teng - 78 ball.  

Chorvachilik yo‘nalishi uchun  

– 1 barobariga teng - 18 ball  

– 2 barobariga teng - 35 ball  

– 3 barobariga teng - 70 ball  

– 4 barobariga teng - 88 ball.  

– talabgorda bir nechta turdagi texnika mavjud bo‘lganda eng yuqori ballga ega bo‘lgan toifadagi texnika bali hisobga olinadi;  

– qishloq xo‘jaligi yerlari uchun tanlovda g‘olib bo‘lgan shaxs qo‘shimcha to‘lov majburiyatini olsa, uning 5 foizini to‘lash, shartnoma imzolash va jismoniy shaxslar uchun yagona ta’sischiligidagi yuridik shaxs haqida axborotni kiritish uchun besh ish kunlik muddat beriladi.  

Yer uchastkalarini ijaraga olish bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘lish uchun qo‘shimcha to‘lov majburiyati olinsa, uni to‘lash tartibi:  

– to‘lov grafigi ijara shartnomasiga ilova qilinadi;  

– qo‘shimcha to‘lovlar 15-aprel va 15-oktabrga qadar teng ulushlarda to‘lanishi talab etiladi;  

– qo‘shimcha to‘lov to‘lanmasa, vakolatli organlar tomonidan undirish choralari ko‘riladi.  

2022-yil davomida va 2023-yil boshidan 4-aprelga qadar qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlarda g‘olib bo‘lish uchun qo‘shimcha majburiyat olgan yuridik va jismoniy shaxslardan yer uchastkasi bo‘yicha ijara huquqi (shartnomasi) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab hisoblanadi va undiriladi.  

O‘zA  

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM