Murojaatlar joyida o‘rganildi

Xabar berilganidek, Bulung‘ur tumanida hafta boshi odatga ko‘ra murojaatlar qabuli bilan boshlandi. Tumandagi Xalq qabulxonasida o‘tgan qabul davomida jami 48 ta murojaat ro‘yxatga olinib, ijroga qaratildi.

 

Tuman hokimi Samandar Astonov kunning ikkinchi yarmida ayrim murojaatlarni joyiga chiqib o‘rgandi. Xususan, xalqaro ahamiyatga ega M-39 avtomobil yo‘lining Ulug‘bek mahallasidan o‘tgan qismida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarning murojaatlari joyiga chiqib o‘rganildi. Suhbat davomida tadbirkorlik faoliyatini qonuniy amalga oshirish bilan bir qatorda mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, sanitariya qoidalariga rioya etish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Mingchinor mahallasi fuqarosi Eshpo‘lotova Nargizaning bugungi qabulda bildirilgan murojaati joyida o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, mahalladagi bir qancha fermerlarning tuman “Toza hudud” DUKning chiqindi poligoniga tutash yerlariga shamol yengil chiqindilarni uchrib kelmoqda. Holat korxona rahbariyati va viloyat mas’ullari bilan joyida muhokama qilinib, masalaning ijobiy yechimi belgilab olindi. Xususan, chiqindilar og‘ir texnika yordamida surilib, ko‘miladigan, poligon atrofiga muhofaza zonasi qilinadigan, fermer xo‘jaliklari va chiqindi poligoni chegarasiga daraxtlar ekiladigan bo‘ldi.

Tuman hokimi shuningdek Bulung‘ur mahallasidagi yoshlar istirohat bog‘ida olib borilayotgan jarayonlar bilan tanishdi. Ishlarni loyiha doirasida tezlashtirish, bunda sifat masalasiga alohida etibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM