Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan sinf xonasiga oid fotosurat yuzasidan munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda ta’mirtalab sinf xonasi va foydalanishga yaroqsiz sinf doskasi tasvirlangan surat tarqalmoqda. Surat tagida “Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani, Chayontepa maxallasidagi 13-maktab deyishmoqda”, deya izoh yozilgan.

O‘rganish davomida ushbu fotosurat haqiqatdan ham Bulung‘ur tumani Cho‘yantepa mahallasida joylashgan 13-maktabdan olinganligi ma’lum bo‘ldi.

Bugungi kunda mazkur maktabda 110 nafar kishidan iborat pedagoglar jamoasi tomonidan 1503 nafar o‘quvchi yoshlarga ta’lim-tarbiya berilib kelinmoqda. Hozirda maktab jamoasi turli yillarda qurilgan 2 ta ma’muriy binodan foydalanishmoqda. Xususan, eski bino 2005-yilda hashar yo‘li bilan qurilgan. Keyinchalik, o‘quvchilar soni ortib borishi bilan 2017-yilda maktab uchun dastur asosida qo‘shimcha yangi bino ham qurilgan. Mazkur 2 ta binoning quvvati 840 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda maktab 1.8 koiffitsientda faoliyat yuritmoqda.

Suratda tasvirlangan sinf xonasi maktabning eski binosi 2-qavatida joylashgan bo‘lib, mazkur o‘quv xonasida 9 - “A” va 7 - “A” sinflari tahsil olib kelishgan. Avvalo, sinf doskasi joriy yilning 2-mart kuni ham foydalanishga yaroqli, soz holatda bo‘lgan. Maktabning fizika fani o‘qituvchisi H.Ergashev 3-mart kuni 2-soatda o‘tilishi belgilangan darsini o‘tish uchun sinf xonasiga kirganida, doskaning ahvoli rasmdagi holatda turgan. Ya’ni, sinf doskasiga hozircha shaxsi aniqlanmagan kimsa(lar) tomonidan qasddan shikast yetkazilib, uning yuza qismi yulib olingan. Shunda o‘qituvchi ushbu vaziyatdan maktab rahbariyatini xabardor qilish maqsadida holatni mobil telefonida rasmga olib, maktabning 108 nafar o‘qituvchilari jamlangan telegram guruhiga soat 14:21 da tashlagan. Fotosurat ushbu guruh orqali ijtimoiy tarmoqlarga tarqalganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holatdan xabardor bo‘lgan maktab rahbariyati tomonidan shu kunning o‘zida, ya’ni 3-mart kuni mazkur sinfga boshqa, soz holatdagi doska qo‘yilgan.

Bundan tashqari, rasmda tasvirlanganidek, sinf xonasi devorlari o‘z ko‘rinishini yo‘qotib, ko‘rimsiz ahvolga kelib qolgan. Avvalo, 2022-2023-o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlarida maktabning mazkur sinf xonalari ham ta’mirlangan. Biroq, maktabning hashar yo‘li bilan qurilgan mazkur binosida havo almashish tizimi yo‘q, derazalar yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, qishki mavsumda issiqlikni saqlash maqsadida oynalarga klyonka qoplangan. Natijada qishki mavsum so‘ngiga qadar sinf xonasi yana ta’mirtalab, ko‘rimsiz ahvolga kelib qolgan. Ayni vaqtda mazkur sinf xonasida maktabning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda qo‘shimcha ma’lumot uchun, mazkur maktab koiffitsientini kamaytirish maqsadida ushbu mahallaga qo‘shni bo‘lgan Chorbog‘ mahallasi hududidan 240 o‘rinli yangi maktab binosi qurilmoqda. Homiylik mablag‘lari hisobidan qurilayotgan mazkur maktab 2023-2024-o‘quv yili boshlanishiga foydalanishga topshirilishi reja qilingan. Yangi maktab o‘z faoliyatini boshlagach, 13-umumta’lim maktabidagi yuklama hozirgidan sezilarli darajada kamayishiga erishiladi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM