Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirishda xolislikni yo'qotmaylik

Ijtimoiy tarmoqlarda Bulung‘ur tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi bilan bog‘liq murojaat e’lon qilindi. Avvalo, mazkur murojaatning ikkinchi tomon fikrini tinglamasdan turib, “betaraflik” maqomida, tahrirsiz e’lon qilinganligini e’tirof etish lozim.

 

Murojaatda hokim o‘rinbosari N.Mamadiyarovaning haydovchisi B.Oblaqulov ukasining o‘g‘li ekanligi tanqid ostiga olingan. Avvalo, B.Obalqulov hokim o‘rinbosari ukasining emas, akasining o‘g‘li. Har ikki holatda ham O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 79-moddasi talablari buzilmagan. Ya’ni mazkur modda talablariga muvofiq, N.Mamadiyarovaning aka-ukasi uning yaqin qarindoshi sanaladi, biroq aka-ukasining farzandlari mazkur ro‘yxatga kiritilmaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ushbu holatda qonunbuzilish holati mavjud emas. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, tuman hokimligi tomonidan qabul qilinayotgan har bir normativ hujjat hokimlik bosh yuriskonsulti, shuningdek tuman adliya bo‘limi mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqilganidan keyingina tasdiqlanadi.

        

Murojaatda ta’kidlanganidek, B.Oblaqulov haqiqatdan ham Qatar davlatida o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini tomosha qilish uchun mazkur mamlakatga borgan. Ammo, bu o‘z mablag‘i yoki hokim o‘rinbosarining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmagan. B.Oblaqulov “Hyundai” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan test-drayv aksiyasida ishtirok etib, jahon chempionati doirasdagi o‘yinlarga 2 kishilik chiptalardan birining g‘olibi bo‘lgan. B.Oblaqulovga uning 2022-yil 28-noyabrdagi arizasiga binoan 2022-yil 30-noyabrdan 2022-yil 4-dekabrgacha Mehnat Kodeksining 150-moddasi 1-bandiga asosan ish haqi saqlanmagan holda mehnat ta’tili berilgan.

 

Hokim o‘rinbosari N.Mamadiyarovaning haydovchisi ishda bo‘lmagan davrda xizmat avtomobili N.Mamadiyarovaning o‘zi tomonidan boshqarilgan. Bu vazifaga boshqa bir shaxs yoki bo‘lim mutaxassislari jalb etilganligi to‘g‘risidagi iddaolar asossizdir. Zero, xizmat avtomashinasi davlat mulki bo‘lib, avtomobil haydovchiga moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq topshirilgan hamda uning soz va yaxshi holatda saqlanishi bevosita hokim o‘rinbosarining zimmasiga yuklatilgan.

 

Bugungi kunda tuman oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limida shtatlar jadvaliga muvofiq 3 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi. Ish vaqti dushanbadan juma kuniga qadar, soat 9:00 dan 18:00 gacha. Bo‘lim xodimlari ish vaqtida ish joyida bo‘lishi to‘liq ta’minlanadi. Xususan, hokimlik hududi kuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, har bir xodimning ishga kelish va ketish vaqti nazoratga olingan.

 

Shu o‘rinda Bulung‘ur tuman hokimligi qonun ustuvorligini ta’minlashda jamoatchilik nazoratining muhim ekanligini e’tirof etgan holda, hamkorlikka doim tayyor ekanligini ma’lum qiladi.

 

Tuman hokimligi axborot xizmati

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM