Rahbarning o‘z xodimini rag‘batlantirishi normal holat. Bunga ortiqcha bo‘yoq berish kerak emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda Bulung‘ur tumani hokimining bir nechta xodimlarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoyishi muhokamaga olib chiqildi. Unda hokim “obodonlashtirishdagilar va boshqalar”ga emas, “o‘zining odamlari”ga pul yozib olganligi iddao qilingan bo‘lib, maqola so‘ngida “shu mablag‘ni Temir yoki Ayollar daftarida ro‘yxatda turganlarga” berish mumkinligiga ham urg‘u berilgan.

        

Keling, ushbu qaydda keltirilgan e’tirozlarni birma-bir tahlil qilamiz. Avvalo, bir davlat idorasining rahbari o‘z xodimlari mehnatini rag‘batlantirishi “master-klass” maqomini beradigan darajada favqulodda holat emas.

Qolaversa, unda ta’kidlanganidek, tuman hokimi Astonov Samandar Mustafoqulovich prokuratura organlarida turli lavozimlarda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lganligi sababidan ham tuman hokimligi tomonidan qabul qilinayotgan har bir qaror va farmoyishlarda, avvalo, qonuniylik prinsipiga amal qilinadi.

Yuqorida so‘z yuritilayotgan tuman hokimligi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoyish ham tuman hokimligi yuridik xizmati tomonidan ko‘rib chiqilib, Mehnat kodeksining 180-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 147-sonli Qarorlariga asoslanib, qonun talablariga zid emasligi inobatga olingan holda ijobiy xulosa berilgach, belgilangan tartibda qabul qilingan. Bunda hech qanday qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilmagan.

Shuningdek, xabarda keltirilgan “o‘zining odamlari” degan ibora haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Sababi tuman hokimi o‘z vazifasiga kirishgan kundan to bugunga qadar hokimlik strukturasida kadrlar masalasida o‘zgarish qilingani yo‘q, ya’ni o‘zigacha ishlab kelayotgan mas’ul xodimlar bilan ishni davom ettirmoqda. Umuman olganda, rag‘bat, unga munosib ko‘rilgan xodimlargagina beriladi. Bunda barchaga umumiy yondashuv mantiqsizlik bo‘lib, xodimlarning ishchanlik kayfiyatiga ham ta’sir o‘tkazadi.

Xabar davomida tuman hokimi S.Astonovni “prokuraturada shuncha yillik faoliyat yuritgan, tajribali inson” sifatida sifatlash bilan bir o‘rinda “prokuraturadagi xatolarini hokimiyatda ham takrorlamoqda”, deyilgan. Bir-birini rad etuvchi ushbu fikrlarning o‘ziyoq muallifning xolis emasligidan dalolatdir. Qolaversa, “prokuraturada shuncha yillik faoliyat yuritgan, tajribali inson”ning xabarda ochiqlanmagan, mujmal “prokuraturadagi xatolari”ga huquqiy baho beruvchi (bergan) yuqori turuvchi organlar bor.

Xabar davomida “obodonlashtirishdagilar va boshqalarga” rag‘batlantirish berilmaganligi ko‘rsatilgan. Avvalo, ushbu holatda tushunib olish lozimki, tuman hokimi faqatgina tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasi boshlig‘ini rag‘batlantirish huquqiga ega. Boshqarma xodimlari esa, boshqarma rahbari tomonidan rag‘batlantiriladi. Tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasi boshlig‘i A.Mamarasulov bundan bor-yo‘g‘i ikki oy oldin, shu yilning 29-avgust kuni mazkur vazifaga tayinlangan.

Xabar so‘ngida mazkur mablag‘larni “Temir yoki Ayollar daftarida ro‘yxatda turganlarga” berish mumkinligi iddao qilingan. Amaldagi tartibga muvofiq, tuman mahalliy budjetining orttirib bajarilgan mablag‘laridan 15 foizdan jami 45 foiz qismi qat’iy ravishda 3 ta daftar: “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga, 30 foizi “Tashabbusli budjet” loyihasiga ajratiladi. Shu o‘rinda ma’lumot uchun, joriy yilning III choragi yakuniga ko‘ra, ijtimoiy daftarlarning har biriga 1 011,6 ming so‘mdan, jami 3 mlrd. 35 mln. so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘larning maqsadli sarflanishi esa, xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan nazorat qilinib boriladi. Yuqoridagi mablag‘lardan tashqari, tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga “daftar”lardan tashqari holatda homiylik mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham turli ko‘rinishdagi ko‘maklar ko‘rsatilib kelinmoqda. Ammo biz so‘zimizni qisqa qilish maqsadida hamda buyujet mablag‘lari hisobidan bo‘maganligi sababli ular haqida batafsil to‘xtalishni lozim topmadik.

 

So‘zimiz so‘ngida ijtimoiy tarmoq faollaridan rasman tasdiqlanmagan, qonun normalari noto‘g‘ri talqin qilingan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz. Bulung‘ur tuman hokimligi axborot xizmati har qanday masalada ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq faollari bilan hamkorlikka doim tayyor. Zero, faoliyatimizda qonuniylik, adolat va shaffoflik birinchi o‘rinda bo‘lib, bunda keng jamoatchilikning o‘rni muhim ekanligini unutmaymiz va yordamiga tayanamiz.

 

Bulung‘ur tuman hokimligi axborot xizmati

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM